Tuman
Tuman — tomchi holidagi suyuq dispers fazali aerozollar. O’ta to’yingan bug’lardan kondensasiya natijasida hosil bo’ladi. Atmosferadagi Er sirti qatlamlaridagi suv bug’larining to’yinishidan hosil bo’lgan suv tomchilari yoki muz kristallari to’plamidan iborat. T. 1 km dan kamroq masofaga gorizontal ko’rinishni xiralashtiradi. T. Erga yaqin havo qatlamining sovishi yoki uning namlanishi oqibatida yuzaga keladi. Sovish natijasida paydo bo’ladigan T. quyidagilarga ajraladi: 1) er yuzasi salbiy radiasiya balansi natijasida bunyodga keladigan va er yuzasidagi havo qatlamini sovitadigan radiasion T., bunday T., odatda, sal shamol bo’lib ayoz tunda, qishda esa kunduzi ham bo’lishi mumkin; 2) sovuq er ustiga issiq havoning advektsiyasi natijasida paydo bo’ladigan advektiv T.; bulutlar past bo’lib sovuq shamol turganda sutkaning har qanday paytida ham yuzaga kelishi mumkin; 3) atmosfera fronti ustidagi yomg’ir tomchilarining bug’lanishi hisobiga paydo bo’ladigan frontal T. Qishda qattiq sovuq advektsiyasi paytida dengizlar ustida, ezda va kuzda esa qirg’oqdan kechasi sovigan havoning oqib kelishi oqibatida suv havzalari ustida kuzatiladi. Ko’p vaqt T. yuqorida aytib o’tilgan jarayonlarning birgalikdagi yoki ketma-ket ta’siri ostida ham paydo bo’ladi.