Tug’

Tug’ — 1) qadimdan Sharq mamlakatlarida hukmdorlik, vazirlik, beklik va h.k. belgisi. T. ho’kiz yoki ot dumidan yasalgan. T. moziyda Osiyoning bir qancha davlatlarida (Xitoy, Hindiston) qo’tos hamda Tibet ho’kizi dumidan yasalgan bo’lsa, turklar uni, asosan, ot quyrug’i killaridan tayyorlaganlar. «T.»atamasi ilk marta bir uyg’ur xoqoni sha’niga bitilgan Shineusu (8-a. o’rtasi) yodnomasida ko’zga tashlanadi. 1202 y. Chingizxon O’nan (Onon) daryosi bo’yida 8 tug’ni tikkan holda saltanat tashkil topganligini e’lon qiladi. Islom dini qabul qilingandan keyin ham turkiy davlatlarda T. qo’llanishda davom etdi. Chingizxon saltanatida, Saljuqiylar, Mamluklar, Qoraxoniylar, Usmoniylarda bo’lgani kabi, T. Temuriylarda ham mavjud edi. Tuman begi «Bahodir» faxriy unvoni qatori T. dovul hamda tumantug’ va chortug’lar bilan sharaflangan. Usmoniylar saltanatida sanjaqbeylar bitta, beylarbeylar 2 ta, Vazirlar 3 ta, shayxulislomlar 2 ta, qozi askarlar bitta, yanicheri boshlikdari bitta, podshoxlar esa 6 ta T.ga ega bo’lganlar. Podshoh T.lari tug’i shohiy yoki tug’i Humoyun deb yuritilgan. Harbiy safarlar chog’ida T.larni ko’tarib yuruvchi shaxslar Tug’chi atamasi bilan ifodalangan; 2) bayroq, alam.