YUNUSOV MAQSUD
YUNUSOV MAQSUD (1932.9.9, Toshkent viloyati Qorasuv qishlog’i) — rejissyor. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1982), Toshkent teatr va rassomlik san’ati intini tugatgan (1955). 1956 yildan O’zbekiston televideniyesida. «Iltimos», «Yubiley», «Qishloq luqmonlari», «Zo’raki tabib» kabi asarlar asosida yaratilgan televizion teatrlar uning dastlabki ijod namunalaridir. Yunusovning 60-70- yillardagi faoliyati zamondosh yozuvchilarning asarlariga qaratildi: «Vafodor», (V. G’ofurov, 4 qismli), «Xorazm» (J.Sharipov, 2 qismli), «Sabr kosasi» (A.Udalov, 2 qismli), «Ota» (H.No’mon, A.Shorahmedov, 6 qismli), «Oq kema» (Ch.Aytmatov), «Oq qayin» (A.Bubenov, 2 qismli) kabilar. Yunusov O’zbekiston televideniyesida videofilm janrining asoschilaridan biri. «Ulug’bek xazinasi» (5 qismli), «Diyonat» (O.Yoqubov, 5 qismli), «Girdob» (O’.Usmonov, 5 qismli), «Navoiy» (Oybek, 9 qismli), «Bobur» (P.Qodirovning «Yulduzli tunlar» asari asosida, 10 qismli), «Ichkuyov» (T.Po’lat, 4 qismli), «Layli va Majnun» (A.Navoiy, 3 qismli), «Kecha va kunduz» (Cho’lpon, 5 qismli), «Imom al-Buxoriy» (Xoja Sadriddin Salim Buxoriy), «Muhabbat qasri» (N.Abdullayev, 4 qismli) «Ibn Sino haqida rivoyatlar» (10 qismli), «Sportchi chollar» (2 qismli) va boshqalar Yunusov teatr sahnasida ham spektakllar sahnalashtirgan: «Muhabbat qasri» (Qo’qon teatri), «Oltin devor» (Pokiston teatrida) va boshqalar Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1987). «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (2002).