Texnologiya
Texnologiya (Yun. techne — san’at, mohirlik, uquv va …logiya) — sanoat, qurilish, transport, qishloq xo’jaligi. va b. sohalarda mahsulotlar olish, ularga ishlov berish va ularni qayta ishlash usullari tartibga solingan tizim; shu usullarni ishlab chiqish, joriy qilish va takomillashtirish bilan shug’ullanadigan fan. Har bir sohaning o’ziga xos T.si bo’ladi: kon ishlari T.si, mashinasozlik T.si, qurilish T.si, qishloq xo’jaligi. T.si va b. Mas., qurilish ishlari T.si bir qancha operasiyalar yig’indisidan tashkil topgan: er ishlari (erni tekislash, kotlovan va transheyalar kazish); poydevor yotqizish; devor tiklash (g’isht terish, panel o’rnatish); antiseysmik belbog’lar va temirbeton ustunlar ishlash; qavatlararo va tom yopmalarini montaj qilish, tom yopish; elektr, gaz va suv tarmoqlarini o’tkazish; pardoz ishlari va h.k. Har qaysi operasiyani o’ziga xos bajarish usullari bor. Mas., pardozlashda avval devor tekislanadi (mayaklar o’rnatiladi), qora suvoq, keyin toza suvoq qilinadi, so’ngra oqlanadi (bo’yoq beriladi) yoki gulqog’oz (oboy) yopishtiriladi. Amalda texnologik jarayonlar qanchalik puxta ishlangan, tavsiya etilayotgan usullar chuqur tajriba va ilmiy yondashuvga asoslangan bo’lsa, tayyorlanadigan mahsulot (avtomobil, bino yoki inshoot va 6.) shunchalik sifatli bo’ladi. T. ning fan sifatidagi roli va vazifasi mahsulot tayyorlashning eng zamonaviy va samarali usullarini yaratishdan iborat. Fan va texnika rivojlanib borgan sari T. ham yangilanib va o’zgartirib turiladi. Har qaysi sohada T.ni ishlab chiqish uchun texnologik hujjatlarni ishlab chiqish, tipaviy texnologik jarayonlar, standartlashtirilgan jihozlar va uskunalardan foydalanishning yagona tartibi bo’lishi lozim.