BALTIMOR

BALTIMOR — AQShdagi shahar va port, Merilend shtatida, Atlantika okeanining Chesapik qo’ltig’i sohilida. Aholisi 2 million kishi (shahar atrofi bilan birga, 1990). Baltimor AQShning muhim transport, savdomoliya, sanoat va madaniy markazlaridan. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik (asosan kemasozlik, elektrotexnika, radioelektronika, aviaraketa), neftni qayta ishlash, kimyo, oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Baltimor porti umumiy yuk oboroti bo’yicha mamlakatdagi portlar orasida oldingi o’rinda turadi. Baltimorda universitetlar, konservatoriya, ilmiy muassasalar, muzeylar bor. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Baltimorga 1729 yilda asos solingan. Potomak daryosi bo’yida birinchi koloniya barpo etgan Lord Baltimor nomiga qo’yilgan.