Shayx Ismoil Maxdum (1893-1976)
Shayx Ismoil Maxdum 1893 yil Namangan shahrida diniy oilada tavallud topdilar. Otalari Mullo Sotti Oxund Mullo Abduroziq Oxund o‘g‘li o‘z zamonasining mashhur ulamolaridan bo‘lib, Namangan shahrida uzoq yillar Hazrati Hizr masjidida imomlik qilib, masjid qoshidagi madrasada dars ham berganlar. Oilada besh o‘g‘il, uch qiz bo‘lib, Ismoil Maxdum ikkinchi farzand edilar. Akalari Ibrohim Maxdum va ukalari Ishoq Maxdumlar ilm sohiblari bo‘lish bilan birga murattab qoriy sifatida O‘zbekistonning bir qancha masjidlarida uzoq yillar davomida imom-xatiblik vazifasida xizmat qilishgan.
Ismoil Maxdum boshlang‘ich ma’lumotni o‘z otalari va mahalliy diniy maktabda oldilar. O‘n uch yoshlarida Namangandagi mashhur G‘ofir qori domlada Qur’oni Karimni to‘la hatm qilib, yod oldilar va ko‘zga ko‘ringan hofizi Kalomullohlardan bo‘ldilar. Mullo Qirg‘iz madrasasida tahsil ko‘rgan talabalar orasida o‘zlarining zehn va muhofaza quvvatlari bilan ajralib turar edilar. Ismoil Maxdum mashhur Sobitxon To‘ra va boshqa ustozlardan tafsir, hadis, fikh, sarfu nahv va balog‘at fanlaridan dars oldilar.
1943 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasini tashkil qilishda, masjidlar va 1974 yilga qadar sobiq Sho‘rolar ittifoqida yagona diniy o‘quv yurti bo‘lgan Buxoro “Mir Arab” madrasasini ochishda Ismoil Maxdum faol qatnashdilar. 1943 yilda diniy idoraning birinchi raislari muftiy Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon boshchiliklaridagi birinchi haj safarida ishtirok qildilar. Bu Sho‘rolar davrida ruxsat etilgan ilk haj safari edi.
Shu yillarda Ismoil Maxdum Namangan shahridagi “Shayx Eshon” masjidida imom-xatib bo‘lib ishlab, 1952 yildan boshlab O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasida muhtasib, undan so‘ng Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida mudir bo‘lib ishladilar. 1957 yildan to hayotlarining oxiriga qadar idora raisi noibi – qoziy lavozimida xizmat qildilar. Shu muddat davomida diniy idora faoliyatining barcha sohalariga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib keldilar.
Ismoil Maxdum Buxorodagi “Mir Arab” madrasasi, so‘ngra 1974 yilda tashkil etilgan Toshkentdagi “Imom Buxoriy” nomli oliy madrasadagi ta’lim-tarbiya ishlariga katta e’tibor berib, umrlarining oxirigacha mazkur oliy madrasada talabalarga tafsir, hadis, fiqh va boshqa diniy fanlardan dars berishni to‘xtatmadilar. U zotdan saboq olgan ko‘plab talabalar hozirgi kunda Markaziy Osiyo jumhuriyatlarida, Rusiyaning Tatariston, Boshqirdiston va boshqa mintaqalarida, Ozarbayjonda yuqori diniy lavozimlarda ishlab kelmoqdalar. Umrlarining oxirigacha diniy idora taqvimi (kalendari)ni tuzib, uni nashr qildirib turdilar.
Diniy idora tomonidan bir necha marta chop etilgan Qur’oni Karim nashrlarini tayyorlashda Ismoil Maxdum tahrir ishlariga boshchilik qilganlar. Muftiy noiblari bo‘lmish yuqori lavozimda ishlash davrlarida chet mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatish maqsadida Osiyo, Afrika va Yevropa mamlakatlariga qilingan amaliy safarlar va rasmiy guruhlar tarkibida ishtirok etib, u yerdagi yirik diniy muassasalar rahbarlari, davlat arboblari, ko‘zga ko‘ringan diniy ulamolar va jamoat namayondalari bilan uchrashib, diniy idora bilan bordi-keldi va maktublar almashish ishlariga asos solinishiga Ismoil Maxdum katta hissa qo‘shdilar.
Shayx Ismoil Maxdumning musulmonlar hayotiga oid diniy dolzarb masalalarni hal etish va fatvolar ishlab chiqishdagi xizmatlari ham katta bo‘lgan. Ko‘p masalalarni kitob ko‘rmay, o‘z o‘rnida hal qilib berardilar. «Sovet sharqi musulmonlari» jurnalining ta’sis etilishida jonkuyarlardan biri bo‘lish bilan birga, jurnal sahifalarida u kishining tafsir, hadis va fiqhga oid maqolalari muntazam bosilib turar edi. Shayx Ismoil Maxdum olti marta hojilarga bosh bo‘lib, muborak haj safarini ado etganlar.
Shayx Ismoil Maxdum 1976 yil 22 yanvarda Toshkentda vafot etdilar.
O‘zbekistonimiz istiqlolga erishib, mustaqillik tufayli diyorimizdan yetishib chiqqan mashhur fidoiy insonlar, shu jumladan din arboblari ham munosib taqdirlanmoqdalar. Namangan ahli va shahar hokimiyati rahbariyati tomonidan shayx Ismoil Maxdum xizmatlarini e’tiborga olinib, u kishi tug‘ilib o‘sgan ko‘chaga va shu ko‘chadagi masjidga shayx Ismoil Maxdum nomlari berildi.
Shayx Ismoil Maxdum nafaqat diniy arbob, balki, arab, fors va qadimgi o‘zbek tillarini mukammal bilgan, arab, eron va O‘rta Osiyo xalqlari tarixi, madaniyati va adabiyoti bo‘yicha mutaxassis edilar. Bulardan tashqari tabobat, falsafa, ilmi hay’at (astranomiya)ga oid manbalarning ham bilimdoni edilar. Qadimiy tabobat usuli asosida doridarmon tayyorlash, ya’ni tabiblik ham u kishining qo‘lidan kelar edi. Ismoil Maxdum O‘zbekiston FA akademigi I.M.Mo‘minov, shu akademiya Sharqshunoslik institutining mashhur olimlari, akademiyaning muxbir a’zolari U. Karimov, P.G.Bulgakov, ToshDU sharq fakulteti dotsenti, «Arab tili darsligi» (rus tilida) muallifi, marhum B.Z.Xolidovlar bilan yaqin munosabatda bo‘lganlar. Mumiyo haqidagi asar muallifi M.Muminov ham Ismoil Maxdumdan ko‘p maslahatlar olgan.
Ismatulloh Abdulloh