BANKLAR
BANKLAR (lotincha Apsa — sarrof peshtaxtasi) — kredit-moliya muassasalari; asosan, vaqtincha bo’sh pul mablag’larini to’plash, korxonalarga va umuman pulga muhtojlarga kredit, ssuda berish, naqd pulsiz hisob-kitoblarini amalga oshirish, pul va turli qimmatbaho qog’ozlar chiqarish, oltin va chet el valyutalari bilan bog’liq operasiyalarni bajarish va boshqalar bilan shug’ullanadi. Bank ishining asosiy yo’nalishlari depozit (omonat) qabul qilish, kreditlar berish va mijozlarga kredit-hisob xizmati ko’rsatishni amalga oshirish hisoblanadi. Banklar qimmatbaho qog’ozlarni saqlash, saqlashga o’tkazilgan qimmatbaho qog’ozlarni joriy boshqarish, birja topshiriqlarini bajarish, seyflarni ijaraga berish kabi pulli xizmatlar ham ko’rsatadi. Turli iqtisodiy xizmatlarni amalga oshiruviga ko’ra hozirgi vaqtda Banklarning quyidagi asosiy turlari faoliyat ko’rsatadi: Markaziy (emissiya) Banklar va tijorat Banklar Markaziy Banklar («Banklarning banki») (Milliy Banklar va AQShda Federal rezerv tizimi) mamlakatning jami kredit tizimini nazorat qiladi, davlat pul-kredit siyosatini amalga oshiradi, naqd pul va qimmatbaho qog’ozlar emissiyasi bilan shug’ullanadi, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralarini saqlaydi, davlat va tijorat Banklarga kreditlar beradi. Tijorat Banklar o’z navbatida universal va ixtisoslashgan Banklarga bo’linadi. Ixtisoslashgan Banklar investisiya Banklar, jamg’arma (omonat) Banklar, maxsus Banklar, kooperativ Banklar va boshqalardan iborat. Tijorat Banklar universal Banklar bo’lib jismoniy va yuridik shaxslarga xilma-xil bank xizmatlari ko’rsatadi (depozitlarni jalb etish, veksel hisobi, kredit berish, qimmatbaho qog’ozlarni sotish va sotib olish). Bu Banklar bank va kredit tizimining o’zagini tashkil etadi. Universal Banklar hamma turdagi asosiy bank harakatlarini amalga oshiradi. Ixtisoslashgan Banklar biron-bir faoliyatga, sohaga va tarmoqqa xizmat ko’rsatadi. Investisiya Banklar, asosan, emissiya ta’sischilik operatsiyalar bilan shug’ullanadi va qimmatbaho qog’ozlar savdosini o’tkazadi. Maxsus Banklar muayyan mijozlar guruhiga xizmat ko’rsatadi yoki ayrim sohalarda ixtisoslashadi (jamg’arma, savdo, tashqi savdo, ipoteka va boshqalar). Kooperativ Banklar tovar ishlab chiqaruvchilar tomonidan pay asosida barpo etiladi, ta’sischilarning kredit va bank xizmatlariga bo’lgan ehtiyojlarini qondiradi. Tarmoq va hududiy printsiplar bo’yicha tashkil topadi, tijorat Banklarning bir ko’rinishi hisoblanadi. Mulk shakliga ko’ra Banklarning quyidagi turlari bor: davlat Banklar, davlat ishtirokidagi aralash Banklar, davlatlararo Banklar, xalqaro Banklar, chet el sarmoyasi ishtirokidagi Banklar, aktsiyadorlik Banklar, Bankirlar uyi, kooperativ Banklar, mahalliy o’z-o’zini boshqarish Banklar, kommunal Banklar, xususiy Banklar va boshqalar. Banklar ishining dastlabki belgilari quldorlik jamiyatida paydo bo’lgan. Ular asosan, savdogarlarning pul bilan bog’liq hisob-kitob ishlarini bajargan Jiro-banklar (mijozlar o’rtasida hisob-kitoblarni naqd pulsiz olib boradigan banklar) shaklida vujudga keldi. Shu bilan bir qatorda maxsus sarrofxonalarda sarroflar pul almashtirish va yirik pullarni maydasiga almashtirib berish ishlari bilan shug’ullangan. Banklarning ayrim belgilariga ega bo’lgan muassasalar o’rta asrlarda shim. Italiya shaharlarida, so’ngra Gollandiya va Germaniyaning savdo markazlarida yuzaga keldi. Kapitalizmning vujudga kelishi va rivojlanishi bilan Banklarning ahamiyati ortib ketdi. Bank ishining hozirgi tamoyillari birinchi bo’lib 17-asrdan boshlab Angliyada, so’ngra boshqa mamlakatlarda yuzaga kela boshladi. Shu davrdan boshlab Banklar kapital va tadbirkorlikni ishga solishning maxsus bir sohasiga aylandi. Banklarning ko’payishi bilan ssuda kapitali kapitalning asosiy shakllaridan biri bo’lib qoldi. Asta-sekin Banklar yiriklashib, ular bajaradigan operatsiyalar doirasi kengayib bordi. Banklar muomalaga xususiy veksellar o’rnida ishlatiladigan kredit pullari — banknotlar (bank biletlari) chiqara boshladi. Ko’pgina mamlakatlarda cheklar bilan amalga oshiriladigan naqd pulsiz hisob-kitoblar paydo bo’ldi. Kapitalizmning rivojlanishi bilan kredit va to’lovlarda vositachilik vazifasini bajaradigan muassasalarga talab ortib bordi. Banklar bo’sh pul vositalarini yig’ib, ularni turli muddatlarga ssudaga berdi, ular korxonalarning joriy hisob varag’ini yuritib, korxonalar o’rtasida o’zaro hisobkitoblarni olib bordi. Asta-sekin Banklar o’rtasida eng yiriklari paydo bo’ldi. Ayniqsa, 19-asr oxiriga kelib Banklar ishlab chiqarishning kontsentrasiyalanishi oqibatida Banklarning yiriklashuvi Banklar sonini qisqarishiga va bank monopoliyalarining vujudga kelishiga, ular o’rtasida o’zaro raqobat kurashining kuchayishiga sabab bo’ldi. Banklar to’lov va kredit operatsiyalarida vositachilik qilish bilan kifoyalanmay, sanoat korxonalari aktsiyalarini sotib ola boshladi, ularning xo’jaliklari yoki muassislaridan biriga aylandi, yangi korxonalar ta’sis etishda xamkorlik qildi. Yirik Banklar va sanoat kapitalining birga qo’shilib ketishi natijasida moliya kapitali va moliya oligarxiyasi vujudga keldi, bu oligarxiya mamlakatlarning iqtisodiy va siyosiy hayotida katta mavqeni egalladi. Hozirgi davrda ko’pgina mamlakatlarda ko’plab (masalan, 90-yillar boshida AQShda 14,5 mingdan ortiq bank bo’lgan) Banklar bo’lishiga qaramay, ulardan 3-4 tasigina yetakchi o’rinda turadi. Turli mamlakatlardagi yirik Banklar nihoyatda sertarmoq bo’lib, o’z mamlakati doirasidagina emas, shu bilan birga jahonning juda ko’p mamlakatlarida bo’lim va filiallariga ega. Rivojlangan mamlakatlarda Banklar iqtisodiyotni boshqarish va rag’batlantirish muassasasi vazifalarini bajaradi. Banklar pul kapitalini iqtisodiyotning sohalari va tarmoqlari bo’yicha taqsimlanishida qatnashib, fonda normasining tenglashuvini ta’minlaydi. O’zbekistonda birinchi bank muassasasi 1875 yil Toshkentda ochilgan Rossiya imperiyasi davlat Banklarning filiali bo’lgan. 19-asrning oxirida Turkistonda rus kapitali ishtirokidagi O’rta Osiyo aktsiyadorlik banki (1881), Volgakama banki (1893), Rus-Xitoy (rus-Osiyo) banki (1903), Azovdon savdo banki (1910), Nijniy Novgorod-Samara banki (1899), Poltava yer banki (1901) ning filial, bo’lim va agentliklari faoliyat olib bordi. Oktyabr to’ntarishidan so’ng barcha Banklar sovet hokimiyati tomonidan natsionalizasiya qilindi. O’zbekistonda bank tizimi 1924 yildan boshlab sobiq SSSR bank tizimining tarkibiy qismi sifatida tashkil qilindi. 1992 yilga qadar SSSR Davlat banki (1923; 1921 – 23 yillarda RSFSR Davlat banki), SSSR Qurilish banki (1959; 1922 — 59 yillarda SSSR savdo banki), SSSR tashqi savdo banki (1924) ning O’zbekiston idora (kontora)lari respublikadagi bank muassasalari ishiga rahbarlik qildi. SSSRning parchalanishiga qadar O’zbekistonda mustaqil bank tizimini yaratish maqsadlarida 1991 yil 15 Fevralda Respublika Oliy Kengashi sessiyasida respublika hududidagi Banklar faoliyatining huquqiy asoslari belgilab berilgan O’zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to’g’risida»gi Qonuni qabul qilindi va shu vaqtdan boshlab respublikaning haqiqiy, mustaqil bank tizimi shakllana boshladi. Sobiq SSSR Banklarining respublika idoralari mustaqil Banklar sifatida O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ro’yxatga olindi. O’zbekiston Respublikasi bank tizimini shakllantirish va rivojlantirish strategiyasi iqtisodiyotni xo’jalik yuritishning bozor sharoitlariga bosqichma-bosqich o’tkazish dasturiga mos keladi. O’tgan davrda bank islohotlari davomida milliy bank tizimining 2 bosqichli strukturasi (yuqori bosqichda — Markaziy bank, quyi bosqichda — tijorat banklari) huquqiy jihatdan mustahkamlandi; Banklarning soni va ular ko’rsatadigan xizmat turlari ko’paydi. 1995 — 96 yillarda bank qonunchiligi yanada takomillashdi. O’zbekiston Respublikasining «O’zbekiston Respublikasining Markaziy banki to’g’risida»gi (1995 yil 21 dekabr) Qonuni bank tizimining huquqiy asoslarini to’ldiribgina qolmasdan, O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining alohida maqomi, maqsadlari, vazifalari hamda vakolatlarini ham aniq belgilab berdi. O’zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to’g’risida» 1996 yil 25 apreldagi yangi Qonuni esa tijorat Banklar faoliyatining barcha huquqiy asoslarini xalqaro standartlar darajasida belgilab berdi. Tarkibida Qoraqalpog’iston Respublikasi, 12 viloyat va Toshkent shahri boshqarmalari bo’lgan O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki O’zbekiston Respublikasining bosh banki hisoblanadi (1992 yil sentabrgacha sobiq SSSR Davlat bankining O’zbekiston bo’limi). Respublikada bank tizimining quyi bosqichini paychilik, aktsiyadorlik asosida, shuningdek chet el kapitali ishtirokida tashkil etilgan Banklar, ularning filial va vakolatxonalari, kooperativ va xususiy Banklar tashkil etadi. Bank sohasini monopoliyadan chiqarish bank islohotlarining eng muhim yo’nalishlaridan biridir. Dastlabki bosqichda bu asosan iqtisodiyotning ayrim sohalariga xizmat ko’rsatuvchi ixtisoslashtirilgan Banklarni tuzish yo’li bilan amalga oshirildi. Ixtisoslashtirilgan Banklarning tashkil etilishi bozorga yo’naltirilgan bank tizimini yaratish yo’lidagi zaruriy va tabiiy bosqich bo’ldi. 1995 — 96 yillarda «Asaka» ixtisoslashtirilgan davlat aktsiyadorlik tijorat banki, «Aloqabank» aktsiyadorlik tijorat banki, «Toshkent ijtimoiy uy joy bank» aktsiyadorlik tijorat banki, «Uzsayohatinvestbank» O’zbekiston aktsiyadorlik tijorat investisiya banki va «Zamin» ixtisoslashtirilgan davlat-aktsiyadorlik ipoteka banklari tashkil etildi. «O’zdehqonsanoatbank» aktsiyadorlik tijorat banki «Paxtabank» ixtisoslashtirilgan aktsiyadorlik tijorat bankiga, «O’zjamg’armabank» Xalq bankiga aylantirildi. Tijorat Banklar xalq xo’jaligining turli sohalaridagi korxona tashkilotlarini kreditlash, moliyalash va ularga hisob-kitob xizmati ko’rsatishni amalga oshiradi. Bu Banklar to’la mustaqildir. Ularning aktsiyalari turli mulk shakllariga mansub bo’lgan korxonalar, shuningdek jismoniy shaxslar o’rtasida taqsimlangan. Tijorat Banklarning xususiy zaxiralari yetishmay qolganda ular kredit resurslari bozoridan zarur pul mablag’larini sotib olishlari mumkin. O’zbekiston Respublikasining barcha mintaqalarida 800 ga yaqin filiallarga ega bo’lgan 35 tijorat Banklar faoliyat ko’rsatadi, ulardan 5 tasi chet el kapitali ishtirokida, 11 tasi xususiy banklardir (2000). Xususiy Banklarning huquqiy bazasini rivojlantirishda Respublika Prezidentining 1997 yil 24 apreldagi «Xususiy tijorat banklarini tashkil qilishni rag’batlantirish chora-tadbirlar to’g’risida» Farmoni muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Farmonga ko’ra, respublika hududida faoliyat ko’rsatayotgan tijorat Banklar bilan bir qatorda xususiy Banklar ham tashkil etila boshladi (muassis jismoniy shaxslar hissasi bank ustav kapitalining kamida 50% ni tashkil etishi lozim). 1998 yilda 5 ta xususiy («Alp Jamol», «Turkiston», «Istiqbol», «XIFbank» va «O’ktambank») Banklarga bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun dastlabki ruxsatnoma berildi. 1995 yil 24 oktabrda O’zbekiston tijorat Banklar uyushmasi tashkil topdi (uning tarkibiga xususiy Banklarlar ham kirgan). Respublikada 1992 yildan «O’zbankaudit» — banklararo aktsiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan auditorlik firmasi ish olib boradi. 1996 yildan buyon «O’zbankaudit» bilan bir qatorda «Deloyt end tush» va «Ernst end Yang» kabi 5 ta xalqaro auditorlik konsalting firmalariga hamda «Xolis» guruhi va «Odil audit» mahalliy audit firmalariga O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan bank auditi o’tkazish huquqini beruvchi tegishli sertifikatlar berildi. Ular banklar, kredit muassasalari, sug’urta kompaniyalari, tashkilot va korxonalarning buyurtmasi bilan ularning moliyaviy-xo’jalik faoliyatini tekshiradi (taftish qiladi), xolisona xulosalar beradi, ekspertizalar o’tkazadi. Hozirgi davrda O’zbekistonda chet el Banklar va xalqaro moliya muassasalari kapitali ishtirokida qo’shma B. Banklarfaoliyat ko’rsatadi. Ular jumlasiga O’zbekiston — Gollandiya «O’zprivatbank» va «ABN Amrobank — O’zbekiston Milliy banki aktsiyadorlik jamiyati», O’zbekiston — Turkiya «O’Tbank», O’zbekiston — Janubiy Koreya «O’zDEUbank» kiradi. 13 ta chet el banki Toshkentda o’z vakolatxonasini ochgan. Bular katorida Doyche bank, Berliner Bank, Meybank (Malayziya), Kredit Sviss (Shveytsariya), «Kredi Kommersial de Frans», «Sosete Jeneral» (Frantsiya), Pokiston Milliy banki, Cheyz Manxetten (AQSh), «Rossiyskiy kredit» va «Sakura bank LTD» (Yaponiya) banklari bor. O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki xalqaro valyuta fondi va Jahon bankning doimiy maslahatchilari xizmatidan foydalanadi. 2000 yil 1 yanvarda O’zbekiston Respublikasi banklari tomonidan mijozlarga 529 milliard so’mlik kredit qo’yilmalari ajratilib, shundan 237 milliard so’mi qisqa muddatli, 292 milliard so’mi o’rta va uzoq muddatli kreditlarni tashkil etdi. O’rtacha foiz stavkasi qisqa muddatli kreditlar bo’yicha 33,7%, o’rta muddatli kreditlar bo’yicha 23%, uzoq muddatli kreditlar bo’yicha 13% dan iborat bo’ldi. Fayzulla Mumajonov.