Halima enam allalari

Orzu

Belanchakda qachongacha
Yotish mumkin, turib ketdim.
Shu bahorda tilim chiqdi,
Shu bahorda yurib ketdim.
 
Voy-bo’, atrof muncha go’zal,
Hammayoq gul, hammayoq bog’.
Xiyobonda chopgim kelar,
Kelar o’ynab yurgim ko’proq.
 
Onam bo’lsa ehtiyot bo’l
Deydi, hozir bola payting.
Men mustaqil yurmoqchiman,
O’z holimga qo’ysin ayting…
 
Menimcha shu – hamma ishni
Bolalikdan boshlash kerak.
Katta-katta orzu bilan
Katta qadam tashlash kerak!
Kuz
 
Suvo’tlari to’la irmoqni
Muzdek qilib qo’ydi sunbula
Yel tortiqlab barqut yaproqning
Yuragiga soldi g’ulg’ula.
 
Ko’kda yana oppoq turnalar
Arg’imchoqlar solib uchishdi.
Biz maktabga chopdik, tillarang
Terakzorlar yig’lashga tushdi…
Qizil iztoparlar
 
Pioner bolalar har yili kuzda Oftobning tomini suvab berishadi. Qizil iztoparlar… Ular momoning hech bo’lmasa bitta o’g’li tirik qolgan deb umid qilib, dunyoning hamma burchagiga xat ustiga xat yo’llashadi…
 
Qizil iztoparlar –
Galstukli choparlar.
Mana Sizga
So’nggi xabarlar…
Oddiy askar –
Sotvoldi Safarov…
Oddiy askar –
Sobirjon Safarov…
Pulemyotchi –
Sattorqul Safarov…
Bu qanday gap axir?
Qachon tugar,
Bu uzun saf, axir?
Qancha yozay yana
Qo’llarim qavarib?!…
Volga gulchambarlar
Ostida oqar,
Ziyoratgoh bo’ldi
Brest qal’asi,
Voyenkom qirq yillik
Ordenni taqar,
Qayerdasan,
Oftob,
         kampir
                 bolasi?!…
Kim mamot jangida
Tik turgan bo’lsa,
To’tiyo ko’zlarga
Bugun bir soch tolasi.
Leningraddamisan,
Stalingraddamisan –
Qayerdasan,
Oftob,
         kampir
                 bolasi?!…
Qizil iztoparlar,
O’qib xabarlar:
Tunda shahar
Dushman qo’lida edi…
Tongda uni
Biznikilar oldi…
Oddiy askar
Safarovlar
Bedarak yo’qoldi…
She’rim –
Safarovsan bugundan boshlab,
Va o’zini dzotga tashlab,
Qizil qonga bo’yalgan – yerim.
Undan tomgan barcha
So’zlar meniki.
Sog’inib xat kutgan
Ko’zlar meniki
Fig’onlar meniki,
Bo’zlar meniki.
Qizil iztoparlar,
Asl ukalarim:
Kunda  izlang,
Vatan qahramonlarini
Tindirmang ularning
Qirg’in yillardan,
Qo’lma-qo’l sizlarga
Uzatgan jonlarini!
Aytsin,
Sizlar yozgan,
Yozmagan xatlar
Aytsin,
Qizil maydon
Majnuntollari:
Yurtimdagi hamma
Noma’lum Soldatlar –
Marhamatlik
Oftob,
         kampir
                 bolalari?!…
Qushlar ham yig’lar
 
Terlar oqdi suv bo’lib bizdan
Va gursillab yiqildi terak…
Aka, bizning qilmishimizdan
Tunda qushlar yig’lasa kerak.
 
Ona chumchuq aylanib ketmas,
Ko’ngliga qil sig’masa kerak.
Eski indan tashib borib xas,
Yangi inda yig’lasa kerak.
 
Baland bo’lar uyimiz tog’dek,
Ayvonda ustun ul terak.
Biz yasharmiz ko’nglimiz chog’dek,
Shunda qushlar yig’lasa kerak…
***
 
Madinaxon turib ketdi
Bitta-bitta.
Yumshoq yerda yurib ketdi,
Bitta-bitta.
 
Yo’lidagi akajonin
O’yinchoq tank,
To’plarin surib ketdi
Bitta-bitta.
 
Sovuq temir ariqchaga
Ag’anadi.
Yomg’iru do’l urib ketdi
Bitta-bitta.
 
Bo’yoqlari qurib ketdi
Bitta-bitta…
Stvollari chirib ketdi
Bitta-bitta.
Ona ayiq
 
Kech kuz edi, kuzak pallasi,
Yetovida ikki bolasi,
Ona ayiq saharlab toqqa
chiqdi ozroq olma yig’moqqa.
Tog’da olma ayiqqa tekin,
To’ygunicha erdi ham,
                             lekin
Ayiqchalar qarang shu kuni,
Rosa xunob qilishdi uni.
Gohi izg’ib ketib qolishar
Goh darada pusib olishar.
Ona ayiq yugurib sarson,
Ikkovini qidirib sarson,
Dara to’la jaru tosh bo’lsa,
Ayiqchalar hali yosh bo’lsa,-
Ona ayiq bechora dilxun,
Rosa xunob bo’ldi-da shu kun…
O’ylab-o’ylab Ayiq harsillab,
Chetroqdan bir chuqurcha o’ydi.
Chuqurchaga ikkovin tashlab,
Ustidan tosh bostirib qo’ydi:
Yaxshi gapga tushunmaganlar,
Mana sizga yarshiq jazo.
Shunday, chohda turaturinglar.
Endi qaytib kelgunicha to…
Ancha olma to’pladi Ayiq,
Bolakaylar bir to’ysa-to’ysin.
To’ng’ichi sal janjalkash qiyiq,
Mayli unga sal ko’proq bo’lsin.
Tog’da olma Ayiqqa tekin,
Sal inson ham kerak-da lekin.
Ona Ayiq kun botgan payti
Ayiqchalar yoniga qaytdi…
…Xarsangtoshni ko’tarib azot
U bo’kirib yubordi shu dam.
Toshday qotib yotardi, hayhot
Ayiqchaning ikkalasi ham…
Uch og’ayni botirlar
 
Marhamatlik Oftob momo urushdan uch o’g’lidan judo bo’lgan. Ko’nglim sezadi, hech bo’lmasa bittasi tirik, deb umid qilib yashaydi…
 
Uch og’ayni botirlar,
Yevropada yoturlar…
Yigit bo’lib yigirmaga
Kirmagan bahodirlar…
 
Sattorquli sardori,
Sotvoldisi shunqori,
Sobiri beozori
Gulga to’lsin mozori…
 
Yurt biladi, el bilar,
El bilmasa
         Kel,
               bilar
Vijdon – oliy hakam bor!
 
Shod kunlar kim qad kerdi,
Yov kelganda pand berdi.
Uch og’ayni botirlar,
Yurtga chin farzandi erdi.
 
Nozik ko’nglim, gul ko’nglim,
Ezgulikka qul ko’nglim.
Unutma sen, bil ko’nglim –
Uch og’ayni botirlar,
Yevropada yoturlar!
 
Uch og’ayni akam bor:
Birin oti – Jasorat.
Birin oti – Shijoat.
Birin oti – Matonat…
 
She’rim –
        Shu akam uchta,
        Akam bo’lib urushda –
        Qonga bo’yalgan yerim.
 
Bir tomchisi – Adolat.
Bir tomchisi – Sadoqat.
Bir tomchisi – Saodat.
Qolganlari – rivoyat…
***
 
Uch og’ayni botirlar
Qaytib kelayotirlar.
Oftob momo, uyingni
To’ldirib bahodirlar!
 
–       Qayda eding, Sardorim?
–       Urushda edim, Ona
–       Qayda eding, Shunqorim?
–       Urushda edim, Ona
–       Sen-chi? Sen, Beozorim?
–       Urushda edim, Ona
 
Oftob momo turar lol:
Turar tirik sukutlar –
Yigirmaga kirmasdan,
Jangga ketgan yigitlar.
 
Voy, mening qiyoq jonim,
Voy, mening burgan jonim.
Yulduz uchsa ko’klarga
Termulib yurgan jonim.
 
Bo’g’chadagi mayizim,
Tokchadagi xatlarim,
Qizlar o’tsa ko’chadan,
Kirmagan niyatlarim!…
 
Oftob momo turar lol,
Tush ekan xayollari.
Ostonadan o’tmasdan
Ortga qaytar bollari


–       Qayga ketding, Sardorim?
–       Urushga-da, Onajon.
–       Qayga ketding, Shunqorim?
–       Urushga-da, Onajon.
–       Sen-chi? Sen, Beozorim?
–       Urushga-da, Onajon
 
Uch og’ayni botirlar,
Yevropada yoturlar.
Oftob o’g’lin ko’tarib
Yurmagan bahodirlar…