BIRINCHI JAHON URUSHI

BIRINCHI JAHON URUSHI (1914-18) — davlatlarning ikki koalitsiyasi: Markaziy davlatlar (Germaniya, Avstriya-Vengriya, Turkiya, Bolgariya) va Antanta (Rossiya, Frantsiya, Buyuk Britaniya,Serbiya, keyinchalik Yaponiya, Italiya, Ruminiya, AQSh va boshqalar; jami 34 davlat) o’rtasidagi urush. 1914 yil 15 (28) iyulda Avstriya-Vengriya sarayevodagi qotillik ayan bahona sifatida foydalanib, Germaniyaning to’g’ridan-to’g’ri tazyiqi ostida Serbiyaga urush e’lon qildi. 19 iyul (1 avgust) da Germaniya Rossiyaga, 21 iyul (3 avgust) da Frantsiyaga; 22 iyul (4 avgust)da Buyuk Britaniya Germaniyaga qarshi urush boshladi. 1914 yil 10 (23) avgustda Yaponiya Antanta tomonida urushga kirdi. Urushning 1oylarida Germaniya qo’mondonligining Frantsiyani tormor etish va uni urushdan chiqarish haqidagi mo’ljali barbod bo’ldi, chunki rus qo’shinlarining Sharqiy Prussiyaga hujumi bunga ta’sir etdi (1-bosqichda muvaffaqiyat qozongan 1914 yilgi Sharqiy Prussiya operatsiyasi rus armiyasining og’ir mag’lubiyati bilan tugadi). 1914 yil avgust—sentabrda rus qo’shinlari Galisiya jangida Avstriya-Vengriya qo’shinlarini yengib, Galitsiyaning katta qismini egalladilar, oktabr oyida esa Polshadagi Avstriya-Vengriya qo’shinlarining qarshi hujumini qaytardilar. 1914 yil 16 (29) oktabrda Germaniya bloki tomonidan Turkiya urushga kirdi. Zakavkaze, Mesopotamiya, Suriyaning Sharqiy chegarasi va Falastinda frontlar vujudga keldi. 1914 yil dekabr-1915 yil yanvarda Turkiya armiyasi Zakavkazeda rus qo’shinlaridan mag’lubiyatga uchradi. 1915 yil Germaniya blokining 268 diviziyasidan 107 tasi rus frontida edi. Rus qo’shinlari chekinib, Galisiyani, Polshani va Boltiq bo’yining bir qismini tashlab chiqib ketdilar. 1915 yil 10 (23) mayda Italiya Antantaga qo’shildi. 1915 yil 1 (14) oktabrda Germaniya-Avstriya bloki tomonidan Bolgariya urushga kirdi. 1915 yil Germaniya dengiz yo’llarining hukmroni bo’lgan ingliz flotini ko’plab suv osti janglari yordamida ham holdan toydira olmadi. 1916 yil Germaniyaning Verden rayonida G’arbiy frontni yorib o’tishga urinishi barbod bo’ldi; bu ozmi-ko’pmi rus qo’shinlarining Galisiyada boshlagan muvaffaqiyatli hujumlari natijasi edi. 1916 yil 14 (27) avgustda Antanta tomonida Ruminiya urushga kirdi, biroq yil oxiriga borib rumin armiyasi tormor qilindi. 1917 yil aprel—may oylarida ingliz-frantsuz armiyalarining utkazgan hujum operatsiyalari natijasiz bo’ldi. Oktabr to’ntarishidan keyin sho’ro hukumati urushayotgan hamma davlatlarga anneksiyalar va kontribusiyalarsiz sulh tuzish haqidagi taklif bilan murojaat qildi. Antanta va AQSh taklifni rad etdi. Bunday sharoitda sho’rolar davlati Brest sulhi (1918)ni tuzishga majbur bo’ldi. 1918 yil mayidan amerikalik qo’shinlar harakat qila boshlagan G’arbiy frontda (AQSh 1917 yil aprelda urushga kirgandi) harbiy harakatlar Germaniya va uning ittifoqchilarining to’la mag’lubiyati bilan tugadi. 1918 yil 29 sentabeda Bolgariya, 30 oktabrda Turkiya, 3 noyabrda Avstriya-Vengriya, 11 noyabrda Germaniya taslim bo’ladi. Parij sulh konferentsiyasi (1919-20)da Germaniya va uning ittifoqchilari bilan sulh shartnomalarining uzil-kesil shartlari ishlab chiqildi. Urushga 38 davlat jalb qilingan edi. Harakatdagi armiyadagilar soni 29 million kishidan ortiq bo’lib, safarbar qilinganlar 74 million kishiga yetdi. Urushgan mamlakatlar 10 million kishisini yo’qotdi. 20 milliondan ortiq kishi yarador qilindi. 1916 yil 25 iyunda Rossiya imperatori Nikolay II «Imperiyadagi begona xalqlar erkak aholisini harakatdagi armiya rayonida harbiy inshootlar va shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo’lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish» haqida farmon chiqardi. Shunga binoan Turkiston aholisidan 250 ming kishi majburan mardikorlikka safarbar qilinishi kerak edi. Bu farmon xalq g’azabini qo’zg’ab, Turkiston qo’zg’oloni (1916) ga sabab bo’ldi.