BOSHQIRD MISHAR QO’SHINI
BOSHQIRD MISHAR QO’SHINI — Orenburg chegara chizig’ini harbiy jihatdan ta’min etish maqsadida Rossiya hukumatining 1798 yilda Orenburg, Samara va Vyatka gubernyalarida kazak qo’shinlariga o’xshab tuzgan nomuntazam qo’shini. Alohida Orenburg korpusi komandiriga bo’ysungan. Qo’shin hududi o’z-o’zini boshqarish huquqiga ega bo’lgan 12 kantonga bo’lingan. Dastlab Boshqird mishar qo’shini 5-5,5 ming kishilik qo’shindan iborat bo’lgan. 1812 yildagi Frantsiya-Rossiya urushida va 1813-14 yillardagi xorijiy yurishlarda (20 polk), 1828-29 yillardagi rus-turk urushida (2 polk), 1839 yilgi Xiva yurishida hamda 1853-56 yillardagi Qrim urushida (2 polk) qatnashgan. 1865 yil tugatilgan.