BOD
BOD (fors— shish) — bo’g’im og’rig’i (artralgiya), muskul og’rig’i (mialgiya), quymich nervi kasalligi (ishias), pleksit, podagra, radikulit, revmatizm kabi kasalliklarning xalq orasida tarqalgan nomi.
BOD — telegraf signallarini uzatish (telegraflash) tezligi birligi. 1 sekundda uzatiladigan elementar tok impulslariga teng. Amalda telegraflash tezligi sekundiga 75 bod ga etishi mumkin. J. Bodo nomi bilan atalgan.
BOD — tanda iplari (o’rish naxlari) ning bir-birini kesib (mingashib) tushgan joyi. Uch xil bo’ladi: toq, juft va livit Bod. Bod olish deganda shoyi va atlas to’qishda ikki shoda o’rtasidagi Bodni yuqoriga surib chiqarish, Bod solib olish deganda kalava mashinada ipakni mingashtirib kalavalash, Bod surish deganda shoyi, atlas, beqasam tandasini oqqa yozganda livitlarni bir-biridan ajratib, tandaning u boshidan bu boshiga surish, Bod tashlash deganda o’rish ipaklar davraga o’ralib tandalanganda bir Livitning ikkinchi livit ustiga mingashib qolishi tushuniladi.