BO’YAGICHLAR

BO’YAGICHLAR, bo’yovchi sintetik moddalar, rang — har xil materiallarni turli rangga bo’yash uchun sintez usulida olinadigan organik moddalar. Bo’yagichlarga rangsiz birikmalar ham kiradi. Bunday birikmalar bo’yaluvchi moddalarga singdirilgach, rang hosil qiladi. Bo’yagichlar ishlab chiqarish sanoati 1857 yilda movein ishlab chiqarishdan boshlangan. Bo’yagichlar bora-bora bo’yovchi tabiiy moddalarni sanoatdan deyarli siqib chiqardi. Alizarin, indigo singari tabiiy bo’yoqlar esa sintetik yo’l bilan olina boshladi. Bo’yagichlardan movein, fuksin, texnik anilinni turli usullar bilan oksidlab olinganidan, ular «anilin bo’yoqlar» ham deyiladi. Hozir bo’yashda asosan Bo’yagichlardan foydalaniladi. Bo’yagichlar aromatik uglevodorodlar — benzol, naftalin, anilin, benzidindan olinadi. Rang va uning bo’yalmish materialda qaror topishi, rangning obhavo va boshqa tashqi ta’sirlarga chidamliligi bo’yovchi sintetik moddalar va bo’yalmish materialning kimyoviy xususiyatiga bog’liq. Bo’yagichlar 2 tasnif bo’yicha belgilanadi. Kimyoviy tasnifda kimyoviy tuzilish va xususiyatlar o’xshashligi (nitro, nitrozo, azo, arilmetan, indigoid Bo’yagichlar va hokazolar), texnik tasnifda esa qanday maqsadda (gazlama Bo’yagichlar, mo’yna Bo’yagichlar, yog’och Bo’yagichlar va hokazolar) va qay xilda (kislotali, asosli, sinovchi va boshqalar) qo’llanilishi asos qilib olinadi. Bo’yagichlarning 5000 dan ortiq turi ishlab chiqariladi.