BROVKA PETRUS

BROVKA PETRUS (Petr Ustinovich) [1905.12 (25).6, Vitebsk viloyati 1980] — Belorussiya xalq shoiri (1962), Belorussiya Fanlar Akademiyasi akademik, Belorussiya entsiklopediyasi bosh muharriri (1966 yildan), mehnat qahramoni (1972). 1926 yildan ilk she’rlari bosila boshlagan. «1914» (1935), «Katerina» (1938) dostonlarida batrak ayollarning qismati, hayotda o’z o’rnini topishi tasvirlangan. «Belorus» (1943), «Non» (1946) dostonlari va qator she’rlari («Kastus Kalinovskiy», «Belorus jangchilariga», 1943) urush davri Belorus adabiyotining eng yaxshi namunalaridan hisoblanadi. Urushdan keyingi yillarda xalqlar do’stligi, kishilarning fidokorona mehnati tarannum etilgan «Aka va singil», «Xalq minnatdorligi» (1946), «Hayot yo’li» (1950), «Kunlar o’tib boradi» (1961) to’plamlari shoirga katga shuhrat keltirdi. Brovka Shevchenko, Mayakovskiy, Tvardovskiy, Tichina singari ko’pgina shoirlarning asarlarini Belorus tiliga tarjima qilgan. Uning ko’pgina asarlari esa jahondagi bir qator xalqlar tillariga tarjima qilingan. Brovka she’rlari («Yurak onti», «O’y», «Sen — mening bolalarim», «Eman daraxti», «She’riyat»), «Daryolar tutashganda» romani o’zbek tilida nashr etilgan.