BROYLER

BROYLER (inglizcha broiler, broil — olovda qovurish) — tez yetiladigan va yuqori sifatli go’sht beradigan go’shtdor jo’ja. 6-9 hafta boqilib tirik vazni 1,5—2 kilogramm bo’lganda so’yiladi. Go’shti yumshoq, mazali. Broyler go’shtidan parhez taomlar tayyorlanadi. Broyler olish uchun jo’ja qisqa muddatda yetarli darajada semirtiriladi. Buning uchun og’ir vaznli va tez yetiladigan «Kornish», «Oq Plimutrok», «Susseks», «Nyugempshir» kabi sergo’sht-sertuxum va sergo’sht zotli tovuq jo’jalaridan, zotlararo va liniyalararo chatishishdan olingan duragay jo’jalardan foydalaniladi. Shuningdek o’rdak (8 haftalik), g’oz va tsesarka (12 haftalik), kurka (19 haftalik) jo’jalarini go’shtga boqish ham Broyler deyiladi. O’zbekistonda Broyler davlat naslchilik xo’jaliklarida, parrandachilik fabrikalarida yetishtiriladi.