BROKER

BROKER (inglizcha broker), makler — fond, tovar, valyuta birjalarida oldi-sotdi bitimlari tuzishda vositachilik (dallollik) qiladigan ayrim shaxs yoki firma. Brokerlar, odatda, mijoz topshirig’iga ko’ra va uning hisobiga ish yuritadi, kafolat beruvchi hisobiga o’z nomidan savdo bitimlari tuzishi ham mumkin. Vositachilik bitimlari, asosan, Brokerlik idoralari, firmalar yoki ularning filiallari orqali rasmiylashtiriladi. Vositachilik qilgani uchun tomonlarning kelishuviga ko’ra, birja qo’mitasi joriy etgan taksa (qat’iy baho) ga muvofiq, oldi-sotdining muayyan foiz miqdorida haq — brokeraj oladi (odatda, Broker haqi amalga oshirilgan shartnoma yoki bitim qiymatining 0,25—3% ni tashkil qiladi). Yirik Brokerlik idoralari xaridorga qarz berishda banklar bilan hamkorlik qiladi, ayrim hollarda o’zlari kreditor bo’ladilar, bitimlar bajarilishiga kafillikni ham o’z zimmalariga oladilar. Katta Broker gofbroker deb ataladi.