BRONX

BRONX, bronxlar (Yunoncha bronchus — nafas nayi) — odam va yuqori tuzilgan umurtqalilar kekirdagining havo o’tadigan naysimon tarmoqlari. Kekirdak (traxeya) 4—5 ko’krak umurtqasi qarshisida o’ng va chap Bronxga bo’linadi (bifurkasiya). O’ng Bronx chap Bronxga nisbatan yo’g’on va kalta, chap Bronx esa uzun va ingichka; o’ng Bronx deyarli vertikal yo’nalgan bo’lib, kekirdakning davomi hisoblansa, chap Bronx kekirdakdan chapga burchak hosil qilib chiqadi va bir oz gorizontal yo’nalgan bo’ladi. Bronx Tog’ay halqalardan tuzilgan, ular oralig’ini fibroz parda to’ldirib turadi. Asosiy Bronx o’pka darvozasiga kirib, o’pka ichida avval bo’lak bronxlariga, so’ngra segmentar bronxlarga bo’linadi. Ikkala o’pkada taxminan 1000 bo’lak Bronx bo’ladi. Bronxlar bronxiolalargacha tarmoqlanib borib, bir butun bronxial «daraxt»ni hosil qiladi. Bronx o’pka ichida tarmoqlanib, ingichkalashib boradi, eng oxiri, eng mayda Bronxning uchi pufakchalar bilan tugaydi. Havo almashinish jarayoni pufakchalar, alveolalarda bo’ladi; havo nafas yo’llarining hammasidan o’tadi, chunki nafas naychasining devorlari tog’aylardan tuzilgani uchun ular puchayib qolmaydi. Bronx shilliq qavati kiprikli epiteliy bilan qoplangan bo’lib, unda shilliq bezlar juda ko’p. Ular nafas yo’liga tushgan yot jismlarni chiqarib yuboradi. havo yo’llari esa nafas olganda havoni tozalab, namlab, ilitib pufakchalarga yo’naltiradi. Ikkala o’pkada taxminan 300-500 million alveolalar bo’lib, 30-100 metr kvadrat sathni tashkil etadi. Ko’p hayvonlarda kekirdak (traxeya) ikki asosiy Bronxga bo’linadi. Sudralib yuruvchilar, qushlar va sut emizuvchilarda Bronx yaxshi rivojlangan bo’lib, o’pka ichida davom etadi. Sudralib yuruvchilarda asosiy Bronxdan ikkilamchi Bronx, bundan esa uchlamchi, to’rtlamchi va shu kabi tarmoqlar ajralib chiqadi; toshbaqa va timsohlarda Bronxning bo’linishi ayniqsa murakkab. Qushlarda ikkilamchi Bronx parabronxlar degan kanallar bilan tutashadi, bulardan radiuslar bo’yicha bronxiollar chiqadi, bronxlar esa tarmoklanib, havoli kapillyarlarga o’tadi. Bronxiollar va havoli kapillyarlardan tutash havoli yo’llar vujudga keladi. Asosiy Bronx ham, ba’zan yon Bronx ham uchidan kengayib, havoli xalta hosil qiladi. Sut emizuvchilarda har bir asosiy Bronxdan ikkilamchi Bronx chiqadi, bu esa tobora mayda tarmoqdarga bo’linadi; eng mayda tarmoqlar alveolyar yo’llarga o’tadi, bular esa alveolalar bilan tugaydi.