BUKRI PASHSHALAR

BUKRI PASHSHALAR, namchil pashshalar (Ceratopogonidae) — qo’shqanotlilar oilasi. Uzunligi 0,5—4 millimetr, tanasi bukri, xartumi uzun, qanotlari ko’pincha tangachalar bilan qoplangan. 4 mingga yaqin turi ma’lum. O’zbekistonda Culicoides va Leptoconops urug’lariga mansub 60 turi tarqalgan. Urg’ochisi suv ustida o’sadigan o’simlik barglarining ostki tomoniga 75-120 ta tuxum qo’yadi. Qurtlari sohil yaqinidagi balchiqda, nam qumli joylarda rivojlanadi. Ko’pchilik turlarining urg’ochisi issiqqonli hayvonlar va odam qonini, ayrim turlari hasharotlar gemolimfasini so’radi. Erkaklari, ayrim turlarining urg’ochisi gul nektari bilan oziqlanadi. Qurtlari detrit, suv o’tlari, tuban zamburug’lar, o’lik hayvonlar murdalarining parchalari bilan oziqlanadi. Bukri pashshalar shimol hududlarda ayniqsa ko’p uchraydi, cho’l mintaqasida quduqlar va boshqa suv manbalari yaqinida tarqalgan bo’lib, gnus komponentlaridan biri hisoblanadi, ertalab va kechqurunlari faol qon so’radi; onxoserkoz, gemosporidioz, filyarioz, yapon entsefaliti, tulyaremiya kabi kasalliklarning qo’zg’atuvchilarini tarqatishi mumkin.