BULDURUQLAR

BULDURUQLAR (Bteroclitidae) kaptarsimonlar turkumi oilasi. Bulduruqlar asl Bulduruqlar va suv bulduruqlari urug’lariga bo’linadi. Asl Bulduruqlarning 14 turi, suv bulduruqlarining esa oq bovur (Pteroles alchatu) vaqora bovur (R. orientalis) degan 2 turi bor. Bulduruqlar Afrikaning shimol qismida, Ispaniya va Osiyoda tarqalgan. O’zbekistonda dasht va cho’llardagi suvga yaqin yerlarda yashaydi. Qishlash uchun sentabr va oktabrda Pokiston, Eron, Afgoniston hamda Janubiy Turkmanistonga uchib ketib, erta bahor (mart)da yana uchib keladi. Oq bovur tanasining uzunligi 35-37 santimetr, qora bovurniki 33-35 santimetr. Ikkala turning hayot kechirish tarzi o’xshaydi. Bulduruqlar urchish davrida (mart) juft hosil qiladi. Ko’pincha 3 ta, ba’zan 2 ta tuxum qo’yadi. Uyasi shuvoq kabi o’simliklar ostida soya joylarda yasalgan kichikroq chuqurchadan iborat. Tuxumini bir oycha bosadi. Tuxum bosish va jo’ja boqishda nari ham qatnashadi. Olabula pati jujalarining dushmanlardan saqlanishiga yordam beradi. Jo’jalari iyunda uchirma bo’ladi. Avgust oxirlarida Bulduruqlarning uchib ketayotgan galalarini uchratish mumkin. Bulduruqlar o’simliklarning donlari, bahorda esa kurtak va yosh novdalari bilan oziqlanadi. Kuniga ikki mahal (choshgoh va peshinda) gala bo’lib, suv ichishga boradi. Jig’ildonida suv olib kelib jo’jalariga ichiradi. Bulduruqlar azaldan ovlanadi. Go’shti mazali. Ko’plab ovlanishi natijasida juda kamayib ketgan. Oq bovur O’zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.