BUNKER

BUNKER (inglizcha bunker) — 1) materiallar (qum, shag’al, tsement, don, ko’mir, ruda) ni qisqa muddat saqlash yoki tashishga muljallangan idish. Bunker po’lat, temirbeton yoki yog’ochdan piramida yoki konus shaklida yasaladi. Bunkerlarning pastki toraygan qismida materialni to’kish uchun maxsus qopqog’i bo’ladi. Bunkerlarga yuk transportyor va ko’tarma transport mashinalari yordamida ortiladi. Ba’zan vagon yoki avtomashinada keltirilgan materiallar to’g’ridan-to’g’ri Bunkerga ag’dariladi; 2) quruq yuk tashiydigan kemalarda yonilg’i uchun ajratilgan joy; 3) paxta terish mashinasining paxta yig’adigan ag’darma qismi; 4) Bunker poyezd — shaxtalarda tog’ massasini uzluksiz yuklash, tashish va bo’shatish uchun muljallangan relsli transport vositasi; 5) kombaynda — o’rib-yanchilgan don qoplarga to’kiladigan yashik (voronka); elevatorda — don solib turiladigan yashik (voronka).