BURGALAR
BURGALAR (Siphonaptera) — qon so’ruvchi hasharotlar turkumi. Uzunligi 1-6 millimetr, urg’ochisi erkagidan yirikroq. Tanasi ikki yondan kuchli siqilganligidan hayvonlarning yungi va pati orasida yengil va tez harakat qiladi. Qanotlari ikkilamchi reduktsiyaga uchragan. Ko’pchilik turlarining bir juft oddiy ko’zi bor. Og’iz organi kesuvchi — sanchuvchi — so’ruvchi tipda. Oyoqlari (ayniqsa keyingisi) yaxshi rivojlangan, sakrovchi. Urg’ochilari Pol tirqishlari, to’shamalar osti, devor yoriqlari yoki kemiruvchilar iniga bir necha o’nta tuxum qo’yadi. Tuxumlardan oyoqsiz, chuvalchangsimon, tanasi tuk bilan qoplangan qurtlar chiqadi. Ular pilla ichida g’umbakka aylanadi. Qurtlar hayvonlarning organik qoldiqlari va chirindilar, jumladan Burgalar axlati bilan oziqlanadi. Burgalar 3 yilgacha, odam burgasi esa 2 yilgacha yashaydi. 1400 ga yaqin turi, shundan 310 turi O’rta Osiyoda uchraydi. Burgalar issiq qonli hayvonlar va odamda parazitlik qiladi. Keng tarqalgan turlari: odam burgasi (Pulex irritans), it burgasi (Ctenocephalides canis), kalamush burgasi (Ceratophyllus fasciatus), olaqurt (Vermipsylla alacurt). Odam va kalamush Burgalari odamga o’lat va terlama kasalligi qo’zg’atuvchilarini yuqtiradi. Ba’zi Burgalar gelmintlarning oraliq xo’jayini hisoblanadi. Odam Burgalari qarovsiz qolgan uylarda ko’p uchraydi. Qarshi kurash choralari: uy-joylarni toza tutish, polni karbolning 2-5%li eritmasi bilan yuvish, devor va poldagi yoriqlarni kerosinga ho’llangan latta bilan artish, Burgalar uchraydigan joylarga piretrum va xlorpikrin sepishdan iborat.