BURUN QONASHI
BURUN QONASHI — burun bo’shlig’idan qon kelishi. Burunning lat yeyishi yoki shilliq pardasining zararlanishi (tirnalishi, shilinishi, burunni kovlash), organizmning umumiy, asosan, yuqumli kasalliklari (masalan, gripp) Burun qonashiga sabab bo’ladi. Yurak, buyrak, jigar, qon yaratuvchi a’zolar kasallanganda, qon bosimi oshganda ham burun qonaydi. Ba’zan atmosfera bosimi, havo harorati va namligi o’zgarganda, shilliq pardaga muntazam kimyoviy moddalar ta’sir etganda, shuningdek jazirama issiq kunlarda ham Burun qonashi kuzatiladi. Burun qonaganda qon tashkariga chiqmay, ba’zan halqumga qarab oqishi va burni qonayotgan kishi uni bilmay yutib yuborishi ham mumkii. Bunda birdan qon qusish burun qonayotganining aniq belgisi hisoblanadi. Ba’zan qizilo’ngach yoki me’dadan kelayotgan qon ham burundan qon ketishiga sabab bo’ladi. Burun qonaganda boshni baland qilib yotqizish, burun katagiga vodorod peroksid shimdirilgan paxta yoki doka tiqin qo’yish, iloji boricha qonni to’xtatish chorasini ko’rish lozim. Muzdek suvga latta ho’llab qansharga bosish, to’xtayvermasa ensaga muz solingan xalta qo’yish, bular yordam bermasa vrach chaqirish kerak. Botbot Burun qonashi biror kasallik alomati bo’lishi mumkin, bunday hollarda, albatta, tibbiy tekshiruvdan o’tish zarur.