BURG’ILASH

BURG’ILASH — quduq parmalash, chuqurcha va kovak (shpur)lar qazish jarayoni. Geologik va geofizik tekshirishlar o’tkazish, foydali qazilmalarni qidirish, qazib olish, muhandislik geologik izlanishlarni bajarish va boshqa ishlarda qo’llaniladi. Burg’ilashda maxsus asboblar yordamida tog’ jinslari yemiriladi (maydalanadi). Maydalangan jins bo’laklari tashqariga chiqarib tashlanadi, natijada kovlanayotgan quduq, chuqurcha yoki kovak chuqurlasha boradi. Quduq, chuqurcha yoki kovak devor qazish jarayonida mustahkamlanadi. Burg’ilashning paydo bo’lgan vaqtini aniqlash juda qiyin. Misrliklar 6000 yil ilgari Burg’ilashdan piramida qurishda foydalanganlar, qadimgi rimliklar Burg’ilashda qoshiqsimon kovlagich ishlatganlar, 2000 yil ilgari esa xitoyliklar tuz qazib olishda Burg’ilashdan keng foydalanganlar. Rossiyada burg’i kovaklaridan osh tuzi olishda foydalanilgan. Markaziy Osiyo hududida ham ma’danlar qazib olishda kadimdan Burg’ilash usulidan foydalanilgan. Neft konlarining ko’plab topilishi Burg’ilashning tez rivojlanishiga olib keldi. Qazish usullariga ko’ra, Burg’ilash zarbiy, aylanma, kolonkali bo’ladi. Shtanga yoki arqonning uchiga mahkamlangan parmani ko’tarib tashlash yo’li bilan quduq qazish zarbiy Burg’ilash deb ataladi. Zarbiy Burg’ilash 17-asrda birinchi marta Xitoyda sho’r suvlar va yonuvchi gazlarni chiqarishda qo’llanilgan. Aylanma harakat qiluvchi Parma bilan kovak qazish aylanma Burg’ilash deb ataladi. Bunda maydalangan jins bo’laklari kovaqda to’xtovsiz aylanib turuvchi suyuq loy, suv yoki bosim ostidagi havo yordamida tashqariga chiqariladi. Aylanma Burg’ilash 3 xil bo’ladi: 1) rotorli Burg’ilash — burg’ilash quvurlari burg’ilanayotgan vaqtda shtanga uchiga mahkamlanib kovak ichiga tushiriladi va yer yuziga o’rnatilgan dvigatel yordamida aylanma harakat qiladi; 2) turbinali Burg’ilash — bunda tog’ jinslarini parchalovchi asbobni aylanma harakatga keltiruvchi dvigatel kovak ichida bo’ladi; u turbobur deb ataladi. U doimo yuqori bosimda kovakda aylanib turuvchi suyuq loy yordamida ishlaydi. Dvigatel elektr toki yordamida harakatlansa, elektrobur deyiladi; 3) kombinatsiyalangan (aralash) Burg’ilash — bunda Burg’ilash uskunasi aylanma va zarbiy agregatlar bilan ta’minlangan bo’ladi. Ikkinchi agregat asosan qattiq jinslarni parchalashda hamda Burg’ilash jarayonida chigir ishdan chiqib qolganda qo’llaniladi. Halqasimon Parma bilan kovak kovlanib, undan tsilindr shaklidagi cho’zinchoq jins bo’laklari (Kern) chiqarib olinsa, bunday Burg’ilash kolonkali Burg’ilash deb ataladi. Burg’ilash xalq xo’jaligining ko’pchilik tarmoqlarida, muhandislik, geologik va meliorativ ishlarda, rudali va rudasiz ma’danlarni qidirishda, shaxtalardagi havoni almashtirishda, suvni tortib olishda. portlatish ishlari va boshqalarda qo’llaniladi.