BURHONIDDIN MARG’INONIY
BURHONIDDIN MARG’INONIY (to’liq ismi Abulhasan Ali ibn Abubakr ibn Abduljalil al-Farg’oniy alrishtoniy al-Marg’inoniy) (1123.23.9, Rishton tumani, Dahbet qishlog’i — 1197.29.10, Samarqand)— buyuk faqih, Imom. Dastavval otasi Abubakr ibn Abduljalil, so’ng Simom Bahouddin Ali ibn Muhammad Asbijobiy qo’lida tahsil ko’rdi. Rishton, Marg’ilon, Buxoro, Samarqand va Movarounnahrning boshqa shaharlarida Islomiy ta’lim olib, hanafiya mazhabining buyuk faqihi sifatida nom qozondi. Shayxulislom bo’lib yetishdi. 1149 yil haj safariga bordi. Burhoniddin Marg’inoniy Samarqand shahridagi Chokardiza qabristonga dafn etilgan. Burhoniddin Marg’inoniy fiqh bo’yicha asosiy asari «Bidoyat ul-mubtadi'» («Boshlovchilar uchun qo’llanma») ni hanafiya nazariyotchisi, shariat asoschilaridan Abul Hasan al-Quduriy (1029 yil vafot etgan) va Muhammad ash-Shayboniy (884 yil vafot etgan) asarlariga tayanib yozgan. Burhoniddin Marg’inoniyning ushbu kitobi nazariy asar edi, undan amaliy jihatdan foydalanish qiyin bo’lgan. Shu sababli Burhoniddin Marg’inoniyning o’zi 8 jildli sharh — «Kifoyat ul-muntahiy» («Yakunlovchilar uchun tugal ta’limot») ni yozishga karor qilgan. Keyinchalik bu kitobi asosida «Kitob al-Hidoya» (qisqacha nomi «Hidoya» — «To’g’ri yo’l») ni yaratadi (1178). Burhoniddin Marg’inoniy bu kitobda o’sha zamonlarda mo’min musulmonlar duch keladigan dolzarb hayotiy masalalar, jumladan oilaviy va ijtimoiy munosabatlar, mulkchilik, savdo-sotiq, jinoyat va jazo, insonning burch va mas’uliyatlariga taalluqli juda ko’p murakkab muammolarni Islomiy huquq nuqtai nazaridan hal etib berdi. Mazkur kitob nafaqat Movarounnahrda, balki butun Islom sharqida bir necha tillarga tarjima etilib ma’lum va mashhur bo’lib ketdi. Bu kitob fiqh ilmi bo’yicha eng aniq, izchil, mukammal asar bo’lgan. Undan asrlar davomida Islom huquqshunosligi bo’yicha nufuzli huquqiy manba — asosiy qo’llanma sifatida foydalanilgan. Shu sababli alloma nafaqat ulamolar, balki oddiy xalq orasida ham «Hidoyat yo’lining sarboni» deya katta hurmat e’tibor topdi. Burhoniddin valmilla (Islom dinining dalili, isboti) degan sharafli nomga sazovor bo’ldi. Burhoniddin Marg’inoniy yana bir qancha asarlar yozgan: «Nashr al-mazhab» («Mazhabning tarqalishi»), «Kitob at-tajnis valmaziyd» («Fuqarolik huquqini taqdim etish»), «Kitob ul-faroiz» («Majburiyatlar haqida kitob»), «Maziyd Fi furu ulhanafiy («Hanafiya mazhabiga qo’shimchalar») va boshqalar. U o’z asarlarida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, mulkchilikning turli shakllari (davlat va xususiy mulkchilik), moliyaviy faoliyat, jinoyat va jazoning huquqiy asoslarini, fuqarolik huquqi nazariyasi va amaliyoti, qozilik muassasalari tarkibi, tartibi va jinoiy ishni ko’rish masalalarini batafsil yoritib berdi. Bu asarlarda adolat tuygusi, o’z davrining huquqiy mszonlari asosida yashash, o’zganing mol-mulkiga ko’z olaytirmaslik, haromdan hazar qilish, insof va diyonat, mehr-oqibat kabi ezgu tushunchalarning mohiyati ochib berilgan. Burhoniddin Marg’inoniyning o’zi hayoti davomida ana shunday insoniy fazilatlarga amal qilib yashadi. Ilmu urfon yo’lidagi fidoyiligi, kamtarligi o’z asarlarida bir»on marta ham «men» degan so’zni ishlatmay, «bu zaif banda aytadi», deya hokisorlik bilan izoh berishida ham ko’rinib turadi. Burhoniddin Marg’inoniyning ilmiy merosi o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Jahondagi ko’p oliy o’quv yurtlarida musulmon huquqshunosligi fanlari Burhoniddin Marg’inoniyning fiqh ta’limoti asosida o’rganiladi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng uning ilmiy merosini har tomonlama chuqur o’rganish, asarlarini chop etish ishlariga katta e’tibor berila boshlandi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tashabbusi bilan Burhoniddin Marg’inoniy vafotining 800 yilligi (1997), tavalludining 910 yilligi (hijriy sana bo’yicha) (2000) keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Marg’ilon sh. markazida Burhoniddin Marg’inoniy yodgorlik majmui bunyod etilib, shu yerda uning ramziy maqbarasi o’rnatildi. As: Xidaya. Kommentariy musulmanskogo prava (Per. s angl. pod. Red. N.I. Grodekova), t. ], T., 1994; Hidoya |1 j.], T., 2000. Ad. Saidov A. X., Burhoniddin Marg’inoniy — buyuk huquqshunos, T., 1997; Hasaniy Mahmud, Almarg’inoniyning «Hidoya» asari va unga yozilgan sharhlar, T., 2000; Qoriev O., Al-Marg’inoniy— mashhur fiqhshunos, T., 2000. Abdulhakim Shar’iy Juzjoniy.