«BUYUK IPAK YO’LI» SAYYOHLIK YO’NALISHLARI

«BUYUK IPAK YO’LI» SAYYOHLIK YO’NALISHLARI — O’zbekistonda tashkil qilingan asosiy sayyohlik yo’nalishlari. 1994 yil Toshkent va Samarqandda Jahon sayyohlik tashkilotining «Ipak yo’li» loyihasini ishlab chiqish bo’yicha xalqaro yig’ilish bo’lib, unda O’zbekiston mazkur qadimiy yo’nalish markazi deb belgilandi. 1995 yil 2 iyunda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti «Buyuk ipak yo’lini qayta tiklashda O’zbekistonning ishtirokini avj oldirish va respublikada xalqaro sayyohlikni rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar to’g’risida» farmon qabul qildi. Shu asosda «O’zbekturizm» milliy kompaniyasi «Ipak yo’li» o’tgan tarixiy manzillar bo’ylab 200 dan ortiq yo’nalishlar ishlab chiqdi. Ular asosiy sayyohlik zonalarini qamrab oladi va Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva hamda Farg’ona vodiysi shaharlari bo’ylab o’tadi. «Ipak yo’li»ning tarmoqlari hisoblangan Andijon, Namangan, Farg’ona, Termiz, Nukus shaharlari orqali o’tuvchi yo’nalishlar ishlab chiqilmoqda. Farg’ona vodiysi bo’ylab o’tuvchi yo’nalish — «Farg’ona oltin halqasi» Qo’qon, Farg’ona, Andijon, Namangan shaharlarini o’z ichiga oladi. Bu sayyohlik yo’nalishlari o’z maqsad va vazifasiga qarab kuyidagi guruhlarga bo’linadi: ixtisoslashgan va sarguzashtli sayyohlik, qishlok sayyohligi, suvda va avtomobilda sayyoxdik, kemping va karvonsaroylarda dam olish bilan davom etuvchi sayyohlik, etnik, diniy, o’quv va yoshlar sayyohligi. «Buyuk ipak yo’li». sayyohlik yo’nalishlarida sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularga namunali xizmat ko’rsatish maqsadida yangi shinam mehmonxonalar, kempinglar, motellar, umumiy ovqatlanish va dam olish maskanlari bunyod etilmoqda. Shu sababli bu yo’nalishlar bo’ylab safar qiluvchilar soni yil sayin ortib bormoqda.