BEKON (VASOP) FRENSIS
BEKON (VASOP) FRENSIS (1561.22.1 London—1626.9.4) — ingliz faylasufi, tabiatshunosi, mantiqshunosi, siyosiy arbob va tarixchi. Kembrij universitetini tugatgan (1575), sudya, vazir, lordkantsler bo’lib ishlagan. Falsafaga oid 2 ta — «Yangi Organon» (1620), «Yangi Atlantida» (1627) asari bor. Birinchi kitobida Aristotel «Organon»idagi deduktiv uslubning hayotdan ajralganligini tanqid qilib, induktiv uslubga asos soladi. Fan tajribaga asoslanishi kerakligi haqidagi g’oyani olg’a surib, ilmiy tadqiqotning kuzatish, eksperiment, tajriba va boshqa uslublarini ishlab chiqadi. Bekon bevosita tajribaga asoslangan bilimlar ishonarli bo’lishini ko’rsatdi. Bekon fikricha, bilimning vazifasi tabiatdan inson manfaati yo’lida foydalanish, ya’ni uning ustidan hukmronlik qilish, inson hayotini takomillashtirish, aqlni yanglishish («Idol» yoki «alomat») lardan tozalash lozim. Bilishda tajriba ikki xil bo’ladi: 1) sinalgan tajriba bo’lib, u insonga bevosita fonda keltiradi; 2) yo’l ko’rsatuvchi tajriba bo’lib, uning yordamida narsalarning qonuniyati va xossalari o’rganiladi. Bekon fanning aql bilan bog’liqligini ko’rsatdi. Bekonning «Yangi Atlantida» asarida uning jamiyat haqidagi fikrlari ketgan. Bekon jamiyatni fan va ishlab chiqarish asosida qayta tashkil etish g’oyasini olg’a surdi. Davlatni boshqarishda mutlaq monarxiya tarafdori bo’lgan. Bekon ingliz materializmining va yangi davr tajribaviy fanining asoschisi sifatida tan olingan bo’lsada, Xudoning mavjudligini inkor etmagan.