Mustaqillik tufayli milliy ongimiz, tarixiy xotiralarimiz tiklanmoqda. Zero, istiqlolga erishganimiz bois biz o’z boy tariximizni juda qadim zamonlardan – ming yilliklar qa’ridan izlamoqdamiz. Olis o’tmish ichiga qanchalik chuqur kirib borilsa, uni o’rganish shunchalik qiyin bo’ladi. Chunki uni tadqiq qilish uchun manbalar topish mushkullashadi. Shunday bo’lsa-da, mavjud ma’lumotlardan foydalanib va yangi manbalarni izlab, ularni mantiqiy tahlil qilib, o’z ajdodlarimiz tarixini chuqur o’rganib borishimiz zarur. Aks holda, tarixiy ongni tiklab bo’lmaydi. Tarix – bizning tayanchimiz. Bu tayanchdan kuch olish uchun uni yaxshi bilish kerak. Biz tariximizni qanchalik qadrlasak, kelajagimiz shunchalik porloq bo’ladi.
Ma’lumki, eng qadimgi davrlarda odamlar to’da-to’da bo’lib yashashgan. Bu ularga yirtqich hayvonlar, tabiiy ofatlarga qarshi kurashish, sovuqdan saqlanish kabilarda qo’l kelgan. Har bir to’daning o’z boshlig’i, yetakchisi bo’lgan. Davrlar o’tgan sari yetakchilar o’zlari uchun ma’lum bir imtiyozlar joriy qila boshlashgan. Bu esa to’dada rahbarlikka da’vogarlar sonini ko’paytirgan. Bundan da’vogarlar bilan yetakchi rahbar o’rtasida tez-tez kelishmovchiliklar vujudga kela boshlagan. Ko’pincha bu ziddiyatlar qon to’kilishi, jang bo’lishiga olib kelgan. To’da rahbari bilan da’vogarlar o’rtasida maxsus janglar ham bo’lib o’tgan. Ba’zida bu janglar juda a’zolari uchun katta tomoshaga aylangan. Jangda mag’lub bo’lgan yana qayta rahbarlikka da’vo qilmasligi uchun ko’pincha o’ldirilgan. G’olib esa, to’daga rahbarlik qilgan.
Bu kabi xunrezlik va tartibsizliklarga chek qo’yish, hamda urug’ ichidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida ibtidoiy jamoa tuzumida jamiyat a’zolarining umumiy manfaatiga xizmat qiladigan odatlar joriy qilingan. Rahbarga so’zsiz bo’ysunish, ov qilib yoki yig’ib-terib olingan narsalarni birgalikda baham ko’rish, jamoada janjal chiqarganlarni jazolash kabi odatlar ibtidoiy davrdan paydo bo’lgan. Bu davrlarda odat qonun vazifasini ham bajargan.
Ma’lumki, jamoa (urug’, qabila) undagi erkak va ayollar o’rtasidagi munosabatlar asosida rivoj topgan. Biroq bu munosabatlarning madaniylashish jarayoni oson kechmagan va u uzoq davom etgan. Masalan, oila va uning shakllanishida muhim o’rin tutadigan to’y marosimi vujudga kelguniga qadar yuz ming yillar o’tgan bo’lsa kerak.
Quyida oila va to’y marosimining paydo bo’lishi va tadrijiy rivojlanib borishi jarayoni to’g’risida qisqacha to’xtalamiz.
Qadimshunoslarning ta’kidlashicha, eng qadimgi davlarda erkak va ayollar o’rtasidagi jinsiy aloqalar avval mavsumiy holda (jumladan, erta bahorda) sodir bo’lgan. Odamning bosh miyasi rivojlanib, uning tabiiy (yovvoyi) ehtiroslari madaniylashgani sari uning jinsiy aloqa qilishi mavsumiyligi ham barham topa borgan va bu ish qulay vaqtlarda ham bajariladigan urf-odatga aylangan. Tarixiy manbalardan ma’lumki, odamlar to’da – katta jamoa bo’lib yashagan davlarda, “to’dadagi barcha erkak va ayollar bir-biriga umumiy er-xotin hisoblangan”. U davlarda jinslar orasidagi munosabatlarda muayyan tartib-qoida bo’lmagan. Keyinchalik jinslar orasidagi mavsumiy aloqalar tartibga solinib, u muayyan tadbir shaklida uyushtirilgan. Bu xildagi mavsumiy tadbirlar keyinroq “Orgaistik bayramlar” deb nom olgan. Bu tadbir o’tkaziladigan paytda barcha erkak va ayollarga jinsiy aloqa qilish uchun erkinlik berilgan. Bu bayram urug’chilik va undan keyingi paytlarda, oila vujudga kelgan davlarda ham saqlanib qolgan.
Gerodot o’zining “Tarix” kitobida massagetlarning har biri bittadan ayolga uylanib, biroq ulardan birga foydalanishgan, deb yozgan. Ehtimol bu odat jamoa munoasabatlari avj olgan davrda oila qurish shakllanmagan zamonlarda yuz bergan bo’lishi mumkin.
Ibtidoiy jamiyatda bir urug’ ichidagi erkak-ayolning jinsiy munosabatlari ko’plab salbiy oqibatlarga, jumladan, mayib-majruh bolalar tug’ilishiga olib kelgan. O’zaro qarindoshlarning jinsiy loqalari tufayli bolalar nogiron bo’lib tug’ilishini payqagan rahbarlari avvalgi yaqin qarindoshlar (ona-bola, ota-qiz, aka-singil, opa-uka) o’rtasidagi jinsiy aloqalarni taqiqlashgan.
Ona urug’ining kelib chiqishi davrida ko’pgina yangi urf-odatlar, shu jumladan, to’p (guruhli) nikoh vujudga keldi. To’p nikohning asosiy xususiyati shundn iborat ediki, bir urug’ning barcha ayollari ikkinchi urug’ erkaklariniki, ikkinchi urug’ning erkaklari esa birinchi urug’ ayollariniki bo’lgan. Har ikkala urug’ ayollarining o’z urug’idagi erkaklari bilan jinsiy qo’shilishlari shu tariqa barham topdi (I. Sirojiddinov. “Nikoh to’ylari qanday paydo bo’lgan?” // Saodat. 1990. №12. -24-25-betlar). Ko’pgina urug’larda ayollar boshqa urug’dagi erkaklardan farzand ko’rishlari lozimligi joriy etilgan. Natijada bunday “ekzogamiya” odatlari insonning jismoniy takomillashuvida katta o’rin tuta boshlagan. Endilikda esa bolalarni ma’naviy tarbiyalash masalasi kun tartibida turgan. Chunki bu urug’larda onasi voyaga yetkazgan bolalar o’z otalari kim ekanligini bilmas ham edilar. O’g’il bolani tarbiyalashda tog’alari katta yordam berishgan. Shu sababli, tog’aning obro’yi juda katta bo’lgan. Bu odat keyingi davrlarda ham saqlanib qolgan.
Ma’lum davrdan so’ng onalar otalardan o’z farzandini boqish, tarbiyalashni talab qilib, ularni ichkuyov shaklida urug’da olib qolishga intilishgan. Bu odat kelgusida oilaning paydo bo’lishiga asos bo’lgan.
Matriarxat davrida ayollar jamiyatda yetakchi o’rin egallashgan. Urug’ boshlig’i ayol bo’lgan. Ayollar uy ishlari, ovqat tayyorlash, bola tarbiyalash ishlari bilan shug’ullanishgan. Erkaklar esa, ayollarga bo’ysunib, asosan ovchilik bilan mashg’ul bo’lishgan.
Tarixda erkak va ayollar nisbati doimo teng bo’lavermagan. Ba’zida erkaklar, boshqa davrlarda ayollar soni ko’payib ketgan. Bu o’ziga xos odatlarning shakllanishiga asos bo’lgan. Tarixda ko’p xotinlilik odatlari bo’lganligi bizga ma’lum. Biroq qadimda unga teskari udum – ko’p erlilik ham bo’lgan. Jumladan, mashhur arxeolog N. Tolstov o’zining “Ko’hna Xorazm” (“Drevniy Xorezm”) degan asarida ko’p erlilik haqida qiziqarli ma’lumotlar beradi. Qadim zamonlarda bitta ayol bir yo’l bir necha erkakka yoki aka-ukalarga turmushga chiqqan. Uning bosh eri – katta aka hisoblangan. O’sha davrlarda ayolning eri qancha ko’p bo’lsa, uning obro’yi shuncha baland bo’lgan. Uning qancha eri borligini bosh ro’molidagi o’ram chiziqlaridan bilishgan. Albatta, bunday odatlar erkaklarga nisbatan ayollar kamayib ketgan davrlarda sodir bo’lgan. Bunday davrlarda qiz ko’rish omad hisoblangan. Biroq shunday davlar ham bo’lganki, qizlar ko’p tug’ilib, jamiyatdagi muvozanat buzilgan. Ba’zi urug’larda buning oldini olish maqsadida vaxshiy odatlarni qo’llashgan. Masalan, qadimiy arab qavmlarida qizlar ko’p tug’ilsa, kelgusida ular baxtiqaro bo’ladi deb (ayniqsa, kasal, xunuk, mayib) qizlarni qabrga solib ko’mishgan.
Tarixdan ma’lumki, oilaning ilk shakllari turli joylarda turlicha xilda paydo bo’lgan.
Yakka (juft) monogam oilaning vujudga kelishi insoniyat hayotida juda muhim kelishi insoniyat hayotida juda muhim voqea bo’lgan. Chunki oilalarning paydo bo’lishi urug’chilik jamiyatini er-xotindan tashkil topgan kichik guruhlarga bo’lib tashlagan va u “oilalar jamoasi”ni vujudga keltirgan.
Matriarxat davrida, odatda, qiz o’ziga qayliq tanlagan. Lekin qiz o’zi istagini hammaga bildirishi va tanlagan kuyovini barchaga tanishtirishi shart bo’lgan. Ko’pincha ana shu tanishtiruv paytida yoki undan so’ng ziyofat berilgan. Bu xolning odatga aylanishi keyinchalik to’y marosimining vujudga kelishiga turtki bo’lgan.
Urug’chilik davrida oila vujudga kelishi bilan to’y marosimlarining ilk shakllari vujudga kelgan. To’y butun jamoaning bayramiga aylanib ketgan. Qadimiy to’ylarning diqqatga sazovor odatlari ko’p bo’lib, ularning biri – kuyov va kelinning turmush qurishga tayyorgarligini sinab ko’rish bo’lgan. Matriarxat davrida kuyov maxsus sinab ko’rilgan. Kuyovni turmushda lozim bo’ladigan ov qilish, o’tin yorish, olov yoqish, olishish (jang) kabilar bo’yicha qobiliyatlari sinab ko’rilgan. Patriarxat davrida esa teskari jarayonlar ko’zga tashlanadi. Kelin kiyim tikish, uy-ro’zg’orni tartibga solish, ovqat pishirish kabi layoqatlarini namoyon qilgan.
Shunday qilib, insoniyatning madaniylashuvi negizida jamiyatning ilk boshlang’ich asosi – oila va uning paydo bo’lishiga asos – to’y marosimi vujudga kelgan.
Qadimiy davrda shakllangan an’analardan biri – “erkaklikka o’tish” marosimi bo’lgan (Qarang: istoriya drevnego mira. – M.: “Prosvesheniye”. 1979, s.54). Ko’hna dunyo tarixiga oid tadqiqotlarda erkaklikka o’tish tadbirlari – “initsiatsiya marosimlari” deb nomlangan. Ko’pgina xalqlarda bu marosim – katta hayotga o’tish sinovi shaklida o’tkazilgan. Mazkur tadbirlarda o’spirinlar ov qilish, yirtqich hayvonlarga qarshi kurash, dushmanlar bilan jang qilish, tabiiy ofatlarni yengish kabilarga oid layoqatlarini namoyish etishgan. Bu marosimga o’spirin uzoq tayyorgarlik ko’rgan. Unda u o’zining hayotga qanchalik tayyorligi va kuchini namoyish qilishga intilgan. Bu marosimda o’spirin maxsus qiynoqlarga solinib ham sinalgan. O’ziga xos bu “imtihon” dan o’tmaganlar o’limga mahkum etilgan. Erkaklikka o’tish marosimidan so’ng “to’y bola” sunnat qilingan. So’ngra u bolalik odatlarini tashlab, kattalarga qo’shilgan. Ular bilan birga ovga borgan, jamoaning teng huquqli a’zosiga aylangan. Keyinchalik bu marosimdan so’ng, u uylanish huquqiga ham ega bo’lgan.
Ibtidoiy odamlarning qadimgi odatlarini o’rganishda tug’ilish, ulg’ayish kabilarni nisbatan, ularning o’limiga oid ma’lumotlarni ko’proq topish mumkin. Chunki qadimdan saqlanib qolgan qabristonlarni o’rganib, u davrdagi odamlarning dafn qilish odatlari haqida tasavvurga ega bo’lish mumkin.
Odam o’lganidan so’ng uni dafn qilish eng qadimgi odatlardan biridir. Selung’ur g’orida (bundan 700-500 ming yillar burun), Ko’lbuloq makonida (bundan 500-150 ming yillar ilgari), Teshiktosh g’orida (bundan 150-50 ming yillar burun) yashagan odamlar qabrlarini o’rganish asoda ibtidoiy odamlar hayotida qanday odatlar bo’lganligi haqida muayyan tushunchaga ega bo’lish mumkin.
Arxeologik qazilmalar qadim zamonlarda qabrlar ham, dagn qilish odatlari ham turlicha ekanligidan dalolat beradi:
- O’lganlarni jarlarga yoki maxsus qazilgan katta qabrlarga birin-ketin ko’mish odati bo’lgan. Mazkur odat “Bu dunyoda birga edik, narigi dunyoda ham bir-birimizga yaqin bo’laylik” degan ma’noda qilingan bo’lishi mumkin. Natijada, ommaviy yoki guruhli qabrlar vujudga kelgan;
- Odam o’lsa, u bulan birga unga tegishli narsa-ashyolar va hayvonlarni qo’shib ko’mish odati ham bo’lgan. Bu narsalar va hayvonlar narigi dunyoda ham marhumga kerak bo’ladi, degan umidda qilingan bo’lishi mumkin;
- Eri o’lsa uning xotini qurbon qilinib, so’ng ularni birga ko’mishgan. Bu bilan ular narigi dunyoda ham birga bo’lishsin, degan ma’noni anglash mumkin.
Bunday odatlarning asl ma’nosini endilikda tushunish qiyin. Ammo nega shunday qilinganligi to’g’risida taxmin qilish mumkin, xolos.
Umuman, qadim zamonlarda ham odamlar marhumlar jasadini xor qilishmagan. Shunday bo’lsa-da, arxeologik topilmalar tarixning muayyam davrlarida o’lganlarni jar-chuqurliklarga olib borib tashlash, suvga oqizib yuborish, keng maydonlar, tepaliklar, tog’ yonbag’irlariga olib borib tashlash hollari ham bo’lganligidan dalolat beradi. Bu hodisalarni turlicha tahlil qilish mumkin. Balki, jarlardan suyaklari topilgan marhumlar dushman askarlari yoki ashaddiy jinoyatchilar bo’lgan bo’lishi mumkin. Ehtimol, qadim ajdodlarimiz o’shanday nafratga loyiq kimsalarni o’ldirib, ularni ko’mishni ep ko’rmasdan jarlarga uloqtirishgan yoki suvga g’arq qilishgandir.
Ammo o’lganlarni keng dala, tepalik, tog’larga olib borib qo’yish, ularning go’shtlarini hayvon, qushlarga yem qilish va so’ngra suyaklarini ossuariy – ostadon qutichalarga solib qo’yish zardushtiylik diniga e’tiqod qilingan davrlarda ham rasm bo’lgan. Keyinchalik bu odat yo’q qilingan. Bu borada “Avesto” da “Ahriman keldi-da, “murdalarni tuproqqa topshirishdek” kechirilmas gunohni yaratdi”, deb yozilgan (Avesto // “Guliston”. 1989. № 1, 49-bet).
Biz tarixdan ezgulik izlaymiz. Afsuski, tariximizda ezgulik barobarida vahshiylik ham o’z izini qoldirgan. Afsonalardan ma’lumki, ba’zi qabilalar juda keksayib qolgan qariyalarni chekka, ovloq joylarga tashlab ketishgan.
Qadim rivoyatlardan birida bayon etilishicha, o’g’il qariya otasini qopga solib, yo’lga tushadi. Yo’lda charchab, bir katta daraxt soyasida dam oladi. Shunda qopdagi otasi: “Dashtga olib boruvchi yo’l o’rtasidagi daraxt soyasida dam olyapsanmi?” – deb so’raydi. – “Ha, shunday” – deydi o’g’li. Chol “qah-qah” urib kuladi. O’g’li hayron bo’lib: “Nega kulyapsiz?”-deydi. “Gap shundaki, – deydi chol, – men ham senga o’xshab otamni – sening bobogni dashtga olib chiqib tashlash uchun yo’lga chiqib charchaganimda, aynan shu daraxt tagida dam olgan edim. “Qaytar dunyo!” degani shu bo’lsa kerak. Sen ham bir kun kelib qariysan. Shunda o’g’ling seni ham qopga solib, dashtga tashlab kelish uchun yo’lga chiqqanda u charchab, shu yerda dam olsa kerak”.
O’g’il otasining bu so’zi juda qattiq ta’sir qiladi. O’zini xayolan qopdagi ota o’rniga qo’yib ko’radi. “Otam bobomni dashtga olib borib tashlagan. Men ham shunday qilsam, o’g’lim ham meni xuddi shunday ko’yga soladi”, – deb otasini yana uyiga qaytarib olib kelgan ekan.
Yana bir afsona bilan tanishib ko’raylik:
O’sha zamonlarda qariyalarni uyda qoldirish mumkin emas ekan. Bir yigit otasini tashqariga chiqarmay, xavf paydo bo’lganida uy ichidagi, sandiqqa bekitar ekan.
Bir kuni podsho safarga chiqibdi. Yo’lda ketayotib, ko’lda yoqut borligini ko’rib qolibdi. Podsho xizmatkorlarini birin-ketin chuqur ko’lga tushirib, yoqutni olib chiqishni buyuribdi. Biroq ularning bittasi ham yoqutni topib chiqolmabdi. Bu voqeadan xabar topgan haligi yigit uyiga kelib, sandiqqa bekitib qo’yilgan otasiga bo’lgan voqeani aytib beribdi. Dono chol o’ylab, masala nimada ekanligini topdibdi: “Ko’l atrofida baland daraxt bo’lishi kerak! O’sha daraxt tepasida qush uyasi bo’lishi kerak. Uya tagida esa qush keltirgan yoqut bor. Uning aksi ko’l tomonda yaxshi ko’rinib tursa ajab emas”.
Yigit ko’l yoniga borsa, podsho yana ko’plab odamlarni suvga tushirib, yoqutni olib chiqishga majbur qilayotgan ekan. Yigit podshodan o’z omadini sinab ko’rishga ruxsat so’rabdi. Podsho rozi bo’libdi. Yigit avval daraxtga chiqibdi, qush inidan yoqutni olib, o’zini ko’lga tashlabdi. So’ng suvdan yoqutni olib, podshoga beribdi. Podsho yigitga qoyil qolib, buning sirini so’rabdi. Shunda yigit podshodan bir qoshiq qonidan kechishini so’rab, sandiqqa bekitib qo’ygan otasi bu sirni aytganini bildiribdi. Shundan so’ng podsho qariyaning aqliga qoyil qolib, keksalarni chetga olib borib tashlashni ta’qiqlovchi farmon chiqaribdi.
Qadimgi yunon tarixchigi Gerodot (miloddan avvalgi IV asr) massagetlarning dafn marosimi haqida shunday yozadi: “Odam juda qariganda, qarindoshlari uni qurbon qilishadi va u bilan bir qo’y yoki echkini ham so’yib, ziyofat uyushtirishadi. Bu ularda eng baxtli o’lim hisoblanadi. Kasallikdan o’lganlarni yerga ko’mishadi. Qurbonlik bo’lguncha yashay olmaganlar, baxtsiz hisoblanadi”. (“Istoriya Uzbekistana v istochnikax”. T.: “Fan”. 1984, 54-55-betlar.) Bu odat qariyaning ruhi va tani boshqalarga o’tib yashashi uchun qilingan, degan taxmin bor.
Shuningdek, Gerodot, Issedon Uraldan Olbirga kuydiriladi, xoki dafn qilinib, marhum qancha dushmanni o’ldirgan bo’lsa, uning qabriga shuncha tosh qo’yiladi va marhumning surati ishlanib, qilgan ishlari o’yib yoziladi (N.M.Mallayev. “O’zbek adabiyoti tarixi”. T.: “O’qituvchi”. 1965, 80-bet).
Ibtidoiy odamlar hayotidagi odatlarning ayrimlarini hozirgi paytda tushunish qiyin. Chunonchi qadimda nogironlarni o’ldirish, qariyalarni chet joyga olib borib tashlash, murdalarni itlar, qushlarga yem qilish, marhum suyaklarini yig’ib, ossuariyga solib qo’yish, dushman terisidan anjomlar, kalla suyagidan idishlar yasash kabi odatlar bo’lgani tarixdan ma’lum.
Tarixda bu kabi tushunish qiyin bo’lgan odatlar bilan birga, hozir ibrat olsa bo’ladigan udumlar ham juda ko’p bo’lgan. Jumladan, mardlik, jasurlik, vatanparvarlik, o’limdan qo’rqmaslik kabi ajdodlarimizga xos odatlar hozir ham ijobiy hodisa sanaladi. I asrda yashagan Rim tarixchisi Rufning yozishicha, asir tushgan so’g’diylarni qatl qilishmoqchi bo’lishganida, ular o’zini xursand, mardonavor tutib, bosqinchilarni qoyil qoldirar ekan.
Umuman, tarixiy taraqqiyot jarayonida odamzotning yovvoyilik (vahshiylik)dan madaniylik tomon qadam qo’yishida odatlar juda muhim o’rin tutgan. Ibtidoiy jamiyatdan boshlab, kishilar o’rtasidagi munosabatlar ravnaq topishi jarayonida inson, oila, jamoat hayoti bilan bevosita bog’liq tartib, odat va marosimlar tizimi shakllana boshlaydi. Bu odat, marosimlar inson, oila va jamoaning rivojlanishiga juda katta ta’sir ko’rsatgan.
Tabiatda hamma narsa zarurat asosida paydo bo’ladi. O’simliklar dunyosi, butun jonli olam va “barcha mavjudotning sarvari – inson” ham hayotiy zarurat asosida vujudga kelgan. Barcha mavjudotlar ichida Insonning yaxshi yashashga intilishi juda kuchli bo’lgani uchun u tez rivojlanib ketgan. Yaxshi yashashga esa, mehnat qilish, kurashish, qiyinchiliklarni yengish natijasida erishiladi.
Yaxshi yashashga intilish ehtiyoji aqlni doimiy peshlash va ongli mehnat qilishni taqozo etadi. Ongli mehnat esa tajriba – ko’nikmalarni paydo qiladi. O’ylab, fikrlab, mulohaza yuritib mehnat qilganlar boshqalardan yaxshi yashaydi. Ongli mehnat asosida paydo bo’lgan tajribalar asosiy harakatlarni ko’nikmaga aylantirib, ishni yengillashtiradi, uni tez va soz bajarishga imkoniyat yaratadi. Ongli mehnat va tajriba har bir ishni qaytadan “ixtiro” qilishdan saqlaydi. Mehnat tajribalaridan boshqalarning ham foydalanishi taraqqiyotga zamin bo’ladi. Ongli mehnat asosida paydo bo’lgan tajribalar asta-sekin ko’nikma va odatlarga aylandi.
Insonning o’z ongli mehnati tufayli hayvonot dunyosidan ajralib chiqishida an’analar (ko’nikma va odatlar) muhim o’rin tutgan. Yashash uchun kurash jarayonida odam qanchalik chuqur mushohada qilib mehnat qilsa, tajriba – an’analardan yaxshi foydalansa, u shunchalik ko’p muvaffaqiyatga erishgan. Yashash uchun kurash, mehnat qilish jarayonida paydo bo’lgan ko’nikma – tajribalar muayyan samaralar keltirib, mehnat an’analari taraqqiyotiga zamin yaratgan.
Ma’lumki, insonning ilk mashg’uloti – terimchilik (yoki termachilik) bo’lgan. Chunki inson ibtidoiy davrda tabiatning o’zida mavjud bo’lgan ne’matlarni terib, yeb yurgan. Ibtidoiy odamlarning ongli mehnat jarayonida kashf etgan ish usullari, orttirgan tajribalari ko’nikmaga aylanib, asta-sekinlik bilan mehnat qilish odati sifatida avloddan-avlodga o’ta boshlagan. Mahoratli terimchilarning tajribalaridan boshqalar ham foydalanishgan. Mehnat tajribasi – an’analarni o’zlashtirmaganlar esa ko’p ishlagan, vaqti ketgan, charchab toliqqan. Ular ko’pincha och qolishgan. Keksa avlodning meva terish tajriba-odatlaridan foydalanish yosh avlodning vaqtini tejab, ishini yengillashtirgan. Mehnat an’analarini shakllantirgan, uni saqlab, e’zozlagan qabilalar tez taraqqiy etib borgan. Ibtidoiy odamlarning dov-daraxtlarning to’kilgan mevalari, o’simliklarning donlarini terish bilan mashg’ul bo’lishi bu sohaga oid odat, o’yin-musobaqa, bazm-ziyofat, marosimlarni vujudga keltirgan. Ular quyidagicha shakllangan:
Birinchidan, tabiiy oziqni izlab topgan odamlar mevalarni tezroq terib olishga harakat qilishgan. Kim ko’p va tez meva terish ehtiyoji o’ziga xos reflex – ko’nikmani vujudga keltirgan. Shu tarzda termachilik ko’nikma, tajriba va odatlarni shakllantirib borgan.
Ikkinchidan, qariyalar yosh bolalarga meva terishni o’rgatishga harakat qilishgan. Chunki qariyalarga daraxtni shoxlarida turib, meva terish oson bo’lmagan. Bolalarda esa bunday serharakat ishga moyillik bo’lgan. Bundan foydalangan qariyalar bolalarga meva terishni o’yin sifatida o’rgatishgan va shu tarzda ularni mehnatga tayyorlashgan. Keyinchalik meva terish mashq emas, balki maxsus o’yin-musobaqa sifatida ham tashkil qilingan.
Uchinchidan, ibtidoiy odamlar o’rtasida serhosil joylarni egallash uchun janglar bo’lib turgan. Bunday janglar oqibatida qurbonlar ham ko’p bo’lgan. Asta-sekinlik bilan bu boradagi mojarolarni madaniy tarzda hal qilish yo’llari izlangan. Dastlab, ikki urug’ odamlari emas, balki sardor (oqsoqol)lar o’zaro jang qilishgan. G’olib o’z jamoasi chegarasini belgilagan. Keyinchalik o’lim tugaydigan janglar o’rniga, sardorlarning madaniylashgan olishuvlari vujudga kelgan. Ana shu olishuvlar hozirgi milliy kurashlarning ibtidosi bo’lgan.
To’rtinchidan, odamlar ongida, turmushidda madaniylashish chuqurlashgani sari ular muammoni urush-janjal orqali emas, tinch yo’l bilan hal qilishga o’tishgan. Shu maqsadda, bir urug’ vakillarini mehmonga chaqirgan va umumiy vakillarini mehmonga chaqirgan va umumiy masalalarni hal qilishga intilgan. Mezbonlar o’z fikrini faqat so’z orqali ifodalash bilan kifoyalanmasdan, maxsus pantomima – harakat-raqs shaklida ham bildirishgan. Har bir harakatning o’z ramziy ma’nosi bo’lgan. Mezbonlar fikrini anglagan mehmonlar ham javoblarini o’yin-raqs shaklida ifodalashgan. Bunday tomoshaviy fikr almashish ijobiy yakunlanganda, mezbonlar ziyofat berishgan, bazm uyushtirishgan.
Gerodot massagetlarning terimchilik davridan qolgan o’ziga xos bir marosimi haqida quyidagicha yozadi: “Ular ba’zi daraxtlarning mevalarini bir joyga to’p-to’p qilib uyishgan. So’ng gulxan yoqib, uning atrofiga davra qurib o’tirishgan va o’sha mevalarni olovga tashlashgan. Keyin olovda yonib turgan mevalarni hidlab, ularning hididan, xuddi ellinlar vinodan mast bo’lganiday kayf qilishgan. Olovga qancha ko’p meva tashlansa, ularning kayf qilishi shuncha kuchaygan. Shunda ular o’yinga tushib, qo’shiq ayta boshlashgan”. Bu marosim massagetlarda o’yin, raqs, qo’shiq aytish san’ati ham rivojlanganidan dalolat beradi.
Insonning “ikkinchi kasbi” ovchilik bo’lgan. Odamlar ovchilik bilan shug’ullana boshlaganida ham bu sohaga oid ko’nikma, tajriba, odatlarni o’zlashtirib borishgan. Chunki busiz ijobiy natijaga erishish qiyin bo’lgan. Darhaqiqat, ibtidoiy odamning ongli mehnati – ovi qanchalik samarali bo’lsa, uning qorni shunchalik to’q bo’lgan. Ovi natija bermasa, u och qolgan, qiynalgan. Ovdan o’lja bilan qaytgan ovchilar xursand bo’lib, ov jarayonini imo-ishora, maxsus harakatlar bilan o’yin shaklida takrorlashga harakat qilishgan. Natijada “ov o’yinlari” nomli tarixda o’ziga xos ahamiyatga ega bo’lgan madaniy tadbir vujudga kelgan.
Ibtidoiy odamlar hayotida “ovchilik o’yin”lari alohida o’rin turib, ular ovdan oldin hamda undan so’ng ham o’tkazilgan. Ovdan oldingi o’yinlar ov oldi mashqi (ovga tayyorgarlikni tekshirish, ovga ruhiy va jismoniy shaylanish) vazifasini o’tab, o’ziga xos kichik jiddiy tadbir shaklida uyushtirilgan. Ov oldi mashqlarida odamlar o’ljani qo’lga olish, unga yaqinlashishni o’rganishgan. Buning uchun niqob kiyib hayvon qiyofasiga kirish, uning yurish-turish va tovush chiqarishlarini mashq qilishgan. Bu o’yinlarda yoshlar ham ishtirok etgan va ular ov qilishga o’rgatilgan. Bu esa o’ziga xos maktab vazifasini o’tab, birinchidan, jamoa a’zolarida ovchilik mahoratinining o’sishiga yordam bergan, ikkinchidan, ularda taqlid qilish san’atini shakllantirgan va rivojlantirgan.
Ovdan so’nggi o’yinlar esa ov muvaffaqiyatli tugagan paytdagina o’tkazilgan. Negaki ovdan o’lja bilan qaytish jamoani ochlikdan qutqazgan. To’qlik tufayli xursandchilik, bazm-bayram qilish kayfiyati paydo bo’lgan.
Ovchilik asosida chorvachilik shakllangan. Ovlangan hayvonlarni kelgusida ovqat sifatida iste’mol qilish uchun boqib yurish chorvachilikka asos solgan. Shu tariqa asta-sekinlik bilan uy hayvonlarini boqish va ko’paytirish tajribalari vujudga kelgan.
Chorvachilik bilan shug’ullanish kishilar uchun oziq-ovqat (go’sht, sut, tuxum) sifatida zarur bo’lgan. Hayvonlarni ushlash, boqish, ko’paytirishga oid mehnat mashg’ulotlari vaqt o’tishi bilan odatga aylangan. Masalan, sigir tuqqanida “kelagay oshi” qilish, buzoqni boqish (semirtirish), sigir sog’ish (“xush-xush”), “g’unajinni qochirish”, chorva mollarini so’yib, qishga go’sht mahsulotlarini tayyorlash odatlari odamlar orasida marosim darajasigacha ko’tarilgan.