CHAG’ON

CHAG’ON — 8-asr boshlarida Xorazmda hukmronlik qilgan Xorazmshoh. Poytaxt Fir (Fil) shahrida Xorazmshohning saroyi joylashgan. Manbalarda aytilishicha, Xorazmshoh Chag’on o’ziga qarshi qo’zg’olon ko’targan xalqqa boshchilik qilgan ukasi Hurzod (Xo’rzod) ga qarshi kurashish uchun Xorazmga bostirib kirgan arablar lashkarboshisi Qutayba ibn Muslimdan harbiy yordam so’raydi va o’z shaharlarining oltin kalitlarini unga yuboradi (711 yil). Hurzod bu paytda o’z tarafdorlari bilan Mizdahqonda turgan. Xorazmni bosib olishga 2 yilcha tayyorgarlik ko’rgan Qutayba bu ixtilofdan unumli foydalanib, Ibn al Asirning yozishicha, 712 yilda o’z qo’shini bilan Fir shahriga bostirib kirgan. Qutaybaga qarshi Hurzod qo’shini mardlik bilan kurashgan. Biroq Hurzod jangda asir olinib o’ldirilgan. Xorazmshoh Chag’on Hurzod tarafdorlari va o’ziga qarshi chiqayotgan Hamjir hokimlariga qarshi kurash olib borish uchun yana Qutaybadan yordam so’raydi. Xorazmshohch. oqibatda arablar hukmronligini tan olib, ularga xiroj to’lashga majbur bo’ladi. Xullas, Chag’on hukmronligi davrida Xorazm o’z mustaqilligini yo’qotgan. Xorazmshoh Chag’onning qo’shinlari arablarning Samarqand va boshqa shaharlar ustiga qilgan yurishlarida bir necha marta ishtirok etganlar. Qutayba Xorazmni tark etgach, vatanparvarlar Chag’onni xoinlikda ayblashgan. Sarosimada qolgan Chag’on — turklar, so’ngra Qutayba huzuriga qochib borgan. Ad.: Istoriya Xorezma, T., 1976.