CHEK, POL

CHEK, POL — tekislangan tuproq va marzalar bilan o’ralgan dala uchastkasi; sholi ekishda, bostirib sug’orishda yoki tuproq sho’rini yuvishda qo’llaniladi. Chekning katta-kichikligi yer nishabi va joy relefiga bog’liq. Yer nishabi 0,0005 dan kichik bo’lsa, Chek eni 10-25 metr (nishabi katta tomon bo’yicha), uzunligi 50-70 metr (nishabi kichik tomon bo’yicha), imkoni boricha eni to’g’ri burchakli qilib olinadi, ya’ni Chek maydoni 0,07—0,20 gektar bo’ladi. Nishabi bundan katta bo’lgan yerlarda Chek eni kamaytiriladi. Nishabi past uchastkalarda va mexanik tarkibi og’ir qumoqli va gilli tuproqlarda Chek maydoni 2 gekargacha bo’lishi mumkin. Kapital sho’r yuvishda Chek maydoni va katta-kichikligi (o’lchamlari), odatda, muvaqqat zovurlarning joylashish holatiga qarab belgilanadi. Bostirib sho’r yuvilganda Chekda suv qatlami 20-30 santimetr bo’lishi kerak; marza balandligi (suv sathi yuqorisida zapas bo’lishini nazarga olib) 45-60 santimetr bo’ladi.