CHELEKEN

CHELEKEN — Kaspiy dengizining Sharqiy qirgog’idagi yarim Orol, Turkmaniston hududida. Dastlab (20-asrning 30-yillarida) Orol bo’lgan. Kaspiy dengizi suv sathining pasayishi natijasida 1937 yildan yarim orolga aylangan. Maydoni 500 kilometr kvadrat. Yer yuzasi tekislik. Markaziy qismida Chuxrak qirlari (100 metr) joylashgan. Chelekenning ko’p kismini sho’rxoktaqirlar, do’ng va barxan qumlar egallagan. Iklimi quruq, yozi issiq, qishi nisbatan iliq. Tuproq-o’simlik qoplami jihatidan tipik cho’l. Neftgaz, ozokerit konlari; tarkibida yod, brom bo’lgan mineral buloqlar bor, dengiz bo’ylarida baliq ovlanadi. G’arbiy qismida (dengiz bo’yida) Cheleken shahri joylashgan.