CHELYABINSK

CHELYABINSK – Rossiya Federatsiyasi Chelyabinsk viloyatidagi shahar (1743 yildan), viloyat markazi. Rossiya Federatsiyasining muhim iqtisodiy, madaniy, ilmiy markazi, yirik transport yo’llari chorrahasi. Janubiy Uralning Sharqiy yon bag’rida, Miass daryosi sohilida joylashgan. Aholisi 1077,2 ming kishi (2002). Qora (metallsozlik kombinati, quvur prokati zavodi) va rangli metallurgiya, mashinasozlik va metallsozlik («Chelyabinsk abraziv zavodi», «Polyot», «Turbodetal» korxonalari; traktor, stanoksozlik, «Teplopribor», soatsozlik, yul tuzatish mashinalari zavodlari va boshqalar) sanoatlari mavjud. Issiqlik elektr stansiyasi ishlab turibdi. 1736 yilda rus qal’asi sifatida boshqirdlarning Selyaba (Chelyaba) qishlog’i o’rnida vujudga kelgan. 1743 yildan shahar, Iset provintsiyasi (Perm, keyinroq Ufa noibligi), 1796 yildan Orenburg gubernyasining uezd shahri. 19- asrning 90-yillarida Buyuk Sibir magistrali va Yekaterinburg yo’nalishidagi temir yo’l qurilishi munosabati bilan shahar yirik transport va savdo markaziga aylandi. Sanoat tez rivojlandi. 1933 yilda traktor zavodi (CHTZ) qurylib foydalanishga topshirildi. Urush davrida (1941— 45) Chelyabinskga 60 ga yaqin sanoat korxonasi evakuatsiya qilindi. Shu davrda shaxar sanoati turli harbiy qurollarni ishlab chiqardi. Aeroport bor. universitet, politexnika, qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash va elektrifikatsiyalash, tibbiyot, jismoniy tarbiya, pedagogika, madaniyat oliy o’quv yurtlari, ilmiy tadqiqot institutlari faoliyat ko’rsatadi. 4 teatr, filarmoniya, o’lkashunoslik muzeyi, kartinalar galereyasi mavjud.