CHJOU

CHJOU — qadimgi Xitoy tarixida Xitoy sulolasi va davri nomi [miloddan avvalgi 1027— 256 (yoxud 249)]; G’arbiy Chjou (miloddan avvalgi 1027- 771) va Sharqiy Chjou [770-256 (yoxud 249)]. Sulolaga Chjou kabilasi sardori u Van tomonidan asos solingan. U Van 1027 yil In davlatini tormor qilib shimoliy Xitoydagi barcha qabilalar va hududlarni birlashtirgan. Mamlakatni boshqarish uchun qarindosho’rug’larga, van (podshoh) ning safdoshlari va ittifoqchilariga udel (mulklar) ajratib berish usulidan foydalanilgan. Chjou zodagonlari harbiy drujinachilarga tayanib ish ko’rgan, ular orasida begona qabila, tillari ko’p bo’lgan. Shuning uchun Chjou hukmronligi nafaqat ijtimoiy balki qabilaviy zulmni ham kuchayishiga olib kelgan. Udellarning Markaziy hukumat bilan kurashi va udellar o’rtasidagi o’zaro nizolar ularning ayrimlarini yo’q bo’lishiga va yangi podsholiklar — mustaqil yoki yarim mustaqil davlatlarning paydo bo’lishiga olib kelgan. Miloddan avvalgi 8-asrdan, Chuntsyu davridan e’tiboran Chjou vanlari hokimiyati zaiflashgan, miloddan avvalgi 7— 6-asrlarda mamlakatda amadda eng qudratli podsholiklar — «gegemonlar» hukm sura boshlagan. Chjango davrida (miloddan avvalgi 5-3-asrlar) mamlakatda hukmronlik qilish uchun kurashayotgan ettita kuchli podsholik ajralib chiqqan. Chjou sulolasi hokimiyati zaiflashib, u faqat Chjoularning urug’lariga tegishli mulklarga tarqalgan, xolos. Ularni ham Tsin podsholigi miloddan avvalgi 256-249 yillarda bosib olgan. Chjou davrida miloddan avvalgi 6-asrdan boshlab temir tarqala boshlagan, bu ishlab chiqarish kuchlarini keskin oshishiga, yer haydashni yaxshilanishiga olib kelgan. Chjou davri bir qancha falsafa maktablari (konfutsiylik, daosizm, faszya va boshqalar) vujudga kelishi, adabiyot, tasviriy va musiqa san’atining taraqqiy etishi bilan ajralib turadi. Ad.: Istoriya Kitaya s drevneyshix vremyon do nashix dney, M., 1974.