CHILLADAGI SEPTIK KASALLIKLAR

CHILLADAGI SEPTIK KASALLIKLAR — chilla davrida uchraydigan infektsion kasalliklar. Bularni xilma-xil mikroorganizmlar — stafilokokk, streptokokk, ichak tayoqchasi, pnevmokokk, Klebsiella, ko’k yiring tayoqchasi, gonokokk, anaerob qo’zg’atuvchilar va hokazolar qo’zg’atadi. So’nggi yillarda Chilladagi septik kasalliklarga xlamidiyalar, zamburug’lar, viruslar ko’proq sabab bo’lmoqda. Qo’zg’atuvchilar jinsiy yo’llarga aksariyat og’ir kechgan tug’ruqda (ayniqsa, operatsiya qilib tug’dirishda) vujudga kelgan jarohatlar orqali, shuningdek, normal tug’ruq vaqtida yuzaga kelgan (yo’ldosh ko’chgandan so’ng bachadonning ichki yuzasi, bachadon bo’yni, qin va oraliqning shilingan, yirtilgan, ezilgan joylari) shikastlardan kiradi. Mikroblar jarohat yuzasiga tashqi (ekzogen infektsiya) va ichki (endogen infektsiya) yo’llar bilan (masalan, sterillanmagan qo’l, parvarish buyumlari, kiyim-kechak, havo orqali hamda ayol organizmida mavjud mikroblarning tashqi jinsiy a’zolardan, shuningdek, qon va limfa orqali) o’tadi. Organizmga kirgan infektsiyaning ta’siri 2-3 kundan keyin namoyon bo’la boshlaydi. Chilladagi septik kasalliklar boshlanganda dastlab jarohat yuzasi yallig’lanadi. Kasallikning rivojlanishi, avj olishi, mikrobning ko’payib tarqalishi ayol organizmining qimoya quvvatiga hamda mikroblarning faolligiga bog’liq. Bunda ayolning turli ekstragenital kasalliklari (infektsion, yallig’lanish kasalliklari, yurak-tomir, endokrin sistema patologiyalari, moddalar almashinuvining buzilishi, kamqonlik), qomiladorlik va tug’ruq patologiyalarining ahamiyati katta. Infektsion va yallig’lanish kasalliklari bevosita infektsiya manbai bo’lib xizmat qiladi. Turli somatik kasalliklar esa ayol organizmining zaiflashuvi va shu sababli infektsiyaga beriluvchanligiga olib keladi. Kasallikning kechishi va mikrobning organizmda tarqalishiga ko’ra Chilladagi septik kasalliklarning 4 bosqichi farqlanadi. 1 bosqichda infektsiya faqat tug’ruq jarohati sohasida chegaralanadi (chilladagi endometrit; oraliq, qin, bachadon bo’ynidagi chilla yaralar); 2-bosqichda (infektsiya jarohat sohasidan chetga chiqadi) chanoq bo’shlig’idagi a’zolar zararlanadi (metrit, parametrit, chanoq va son venalari tromboflebita, bachadon ortiqlari (salpingooforit) va chanoq qorin pardasining yallig’lanishi (pel vioperiton it); 3-bosqichda yal pi (diffuz) peritonit va avj oluvchi tromboflebit, septik shok; 4-bosqichda septik infektsiya butun organizmga tarqaladi, sepsis yuzaga keladi. Kasallikning bosqichiga ko’ra bemorda lanjlik, bosh og’rishi, puls tezlashuvi, junjish, isitmalash, qaltirash kabi alomatlar kuzatiladi. Ba’zi kasalliklarda tug’ruqdan so’ng bachadon qisqarishi sekinlashadi yoki bachadondan keladigan ajralma (loxiyalar) to’xtaydi, sut bezining yallig’lanishi — mastit rivojlanadi va hokazolar. Davo kasallikning turi va bosqichiga qarab belgilanadi, antibiotiklar, sulfanilamid va quvvatga kiritadigan dori-darmonlar buyuriladi, zarur hollarda operatsiya qilinadi. Oldini olish tadbirlari ayollar konsultasiyaga uchrashgandan boshlab olib borilishi kerak. Ayollar homiladorlikda vrachga qancha erta uchrashsalar (12 haftagacha) septik kasallik shuncha kam uchraydi, bunda ayollarni ayollar maslahatxonasi sharoitida homiladorlikdan avval va homiladorlik davrida sog’lomlashtirishning ahamiyati katta. Shu maqsadda ayollarning barcha ekstragenital kasalliklari turli mutaxassislar ishtirokida davolanadi; homiladorlik patologiyalari hamda, tug’ruq asoratlarining oldini olish va davolash amalga oshiriladi. Shuningdek, tug’ruqxonalarda sanitariyagigiena rejimi, aseptika va antiseptikaga qat’iy rioya qilish, kasallikni erta aniqlash ham Chilladagi septik kasalliklarni oldini olish choratadbirlaridan hisoblanadi. Ad.: Ismoilova S.A., Chilla davri kasalliklari, T., 1980.