DO’RMON

DO’RMON — o’zbek qavmlaridan biri. Do’rmon mo’g’ulcha to’rt demakdir. To’rtta urug’dan tashkil topgani uchun shunday atalgan bo’lishi ehtimol. Do’rmon qabilasi Abulxayrxon (1428-68), umuman O’zbek ulusida katta nufuzga ega bo’lgan. Do’rmonlar O’zbekiston, Tojikiston va Afg’oniston hududlariga Dashti Qipchoqdan 16— 17-asr davomida kelib o’rnashgan. Do’rmonlar Buxoro amirligining siyosiy hayotida faol qatnashib kelgan. O’zbekiston hududida Do’rmon qavmi kichik-kichik guruhlarga bo’linib tarqoq holda yashagan. Bular, asosan, Zarafshon daryosining o’rta oqimi, Surxondaryo viloyatidagi Qoratog’daryosining o’rta oqimi, Surxon daryosining yuqori oqimlarida, Bobotog’ etaklarida, Toshkent vohasida, qisman Xorazm viloyatida joylashgan. Do’rmon qavmining tarkibida oq qo’yli, uvoq, uch urug’, ko’k chelak, no’g’ay, gurdak, oy tamg’ali va boshqa bo’linmalari bo’lgan. Markaziy Osiyoda Do’rmon atamasi joy nomlari sifatida saqlanib qolgan (Masalan, Toshkent shahri yaqinidagi Do’rmon qishlog’i va boshqalar).