DUVAXON

DUVAXON, Tuvaxon (? – 1307) – Chig’atoy ulusi xoni (1305-07). Baroqxonning o’g’li. Iqtidorli chingiziy shahzodalardan. Chig’atoyxon avlodi. Xayduning sodiq ittifoqchisi, uning boshqa mo’g’ul davlatlariga qarshi yurishlarida muntazam ishtirok etgan. Xaydu vafoti (1303) dan so’ng uning o’g’li chopar taxtga o’tirgan. Duvaxon uning davrida ham dastlab bosh maslahatchi (otaliq) bo’lib turgan. Chingiziy shahzodalarning o’zaro nizolariga xotima berish, mo’g’ullar saltanatini federasiya shaklida bo’lsa ham tiklash uchun harakat qilgan. Rejaga ko’ra, alohida mustaqil bo’lgan mo’g’ul davlatlari nomigagina bosh bo’lgan qoon qo’l ostida o’zaro totuv yashashlari lozim bo’lgan; mo’g’ullar saltanatining bu-tun hududida savdo qilish mutlaqo erkin bo’lishi kerak edi. Bu rejani qoon ma’qullaydi, biroq O’rta Osiyodagi chingiziy shahzodalar o’rtasidagi nizolar bu rejani amalga oshirishga imkon bermagan. Chopar qo’shini chig’atoiy shahzodalar bilan jang qilib g’alaba qozongan. Biroq Duvaxon bunda shahzodalarning tomonini olib, 1305 yil Choparni taxtdan ag’darib uni o’zi egallagan. Shundan so’ng Chig’atoy istilohi O’rta Osiyodagi mo’g’ullar davlatini anglatuvchi rasmiy nomga aylangan. «Chig’atoy» davlatining harbiy kuchini tashkil etgan ko’chmanchilar sulolaning ajdodi Chig’atoyxon nomi bilan chig’atoylar deb atalganlar, keyinchalik Amir Temur va Temuriylar davrida to’liq shakllangan eski o’zbek adabiy tili ham «Chig’atoy tili» deb atala boshlagan. Chingizxonning bironta o’g’li ham Chig’atoy kabi xalq xotirasida shunchalik mustahkam o’rnashib qolmagan. Tarixchi Vassoning ma’lumotiga ko’ra Duvaxon 1307 yil falaj xastaligidan vafot etgan. Ad.: Bartold V. V., Sochineniya, t. 11(1), M., 1963; Mirzo Ulug’bek. To’rt ulus tarixi, T., 1994. Faxriddin Hasanov.