DEFOLIANTLAR
DEFOLIANTLAR (de… va folium -barg) — hosilni yig’ib-terib olishni osonlashtirish maqsadlarida o’simliklar bargini to’kish uchun qo’llaniladigan kimyoviy moddalar. Peapisidlar guruhiga kiradi. Defoliantlar o’simlik barglarini muddatidan oldin qarishi va to’kilishini, sun’iy xazonrezgilikni keltirib chiqaradi. Asosan g’o’za, urug’lik lyupin barglarini to’kishda ishlatiladi. O’zbekistonda Defoliantlar sifatida kaltsiy xlorat-xlorid (42% li suvli eritmasi), magniy xlorat (60% li suvda eriydigan kukun), «sihat» preparati (natriy xlorat asosida), Dropp va boshqalar qo’llaniladi. Defoliantlar atrof muhitga salbiy ta’sir ko’rsatmasligi uchun ulardan foydalanishda qat’iy cheklashlar va ma’lum qoidalarga amal qilishni talab etadi.