DNEPROPETROVSK VILOYATI

DNEPROPETROVSK VILOYATI – Ukraina tarkibidagi viloyat. 1932 yil 27 Fevralda tashkil etilgan. Dnepr daryosining o’rta va quyi oqimi havzasida. Maydoni 31,9 ming kilometr kvadrat. Aholisi 3811 ming kishi (1997), asosan ukrainlar; shuningdek, rus, yahudiy, belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Dnepropetrovsk viloyati 20 tumanga bo’lingan, 19 shaqar, 54 shaharcha bor. Dnepropetrovsk viloyatining yer yuzasi baland-past tekislik, g’arbida Dnepr bo’yi qirlari, Markaziy qismida Dnepr bo’yi pasttekisligi bor. Iqlimi mo’tadil kontinental iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 5° dan (Nikopol) — 6,5° gacha, iyulniki 21,8° dan (Nikopol) 22,6° gacha (Pavlograd). Yillik yog’in shimolda 450 millimetr, Janubda 400 millimetr. Eng yirik daryosi — Dnepr. Tuprog’i qoratuproq. Daryo vodiylari va orollarida o’rmonlar uchraydi. Dnepropetrovsk viloyatida sanoat yetakchi o’rinda. Viloyat sanoati temir rudasi va temirli kvarsit (Krivoy Rog havzasi), marganes rudasi (Nikopol koni), titan, nikel, boksit, toshko’mir (G’arbiy Donbass) va qo’ng’ir ko’mir (Dnepr qo’ng’ir ko’mir havzasi), tabiiy gaz (Tsarichanka tumani), mineral qurilish materiallari (granit, kaolin, dolomit), o’tga chidamli gil zaxiralari asosida ishlaydi. Krivoy Rog xavzasi, Nikopol va marganes shaharlari va Janubiy- Sharqiy qismida konchilik sanoati rivojlangan. Dnepropetrovskda qora metallurgiya, quvur zavodlari, Krivoy Rogda kora metallurgiya, mashinasozlik zavodlari va boshqalar bor. Koks kimyosi va kimyo sanoatlari, qurilish materiallari, yog’ochsozlik sanoati ham rivojlangan. Oziq-ovqat va yengil sanoat tarmoqlari muhim o’rin egallaydi. Dnepr bo’yi, Krivoy Rog va Dneprodzerjinsk GRESlari, Dneprodzerjinsk GES ishlab turibdi. Shebelinka — Dnepropetrovsk — Krivoy Rog — Odessa, Pereshchepino — Dnepropetrovsk gaz quvurlari, Kremenchug — Krivoy Rog — Xerson neft quvurlari bor. Qishloq xo’jaligida tovar mahsulotlari ham yetishtiriladi. Donli ekinlardan kuzgi bug’doy, makkajo’xori, bahori arpa, texnika ekinlaridan kungaboqar, qand lavlagi, soya ekiladi. Bog’dorchilik, mevachilik va tokchilik rivojlangan. Chorvachiligida qoramol, cho’chqa, qo’y-echki boqiladi. Parrandachilik, asalarichilik, ipakchilik va baliq ovlash (Dnepr va uning irmoqlarida) ham muhim o’rin tutadi. Transportning asosiy turi — temir yo’l. Avtomobil va Daryo transportlari, Dnepr daryosi katta ahamiyatga ega. Yirik portlari: Dnepropetrovsk, Dneprodzerjinsk, Nikopol. 11 oliy o’quv yurti, 7 teatr, 6 muzey bor.