DISSOSIATSIYA
DISSOSIATSIYA, dissosiatsiyalanish (lotincha dissociatio— ajralish, parchalanish) — modda molekulalari radikallari yoki ionlarining qaytar holda parchalanishi. Dissosiatsiya termik, elektrolitik va fotokimyoviy turlarga ajratiladi. Termik Dissosiatsiya — moddaning issiqlik ta’sirida parchalanishi. Masalan, ammoniy gidrosulfid NH4HS qizdirilganda ammiak va vodorod sulfidga parchalanadi. Neft krekingi, sanoatda ko’p moddalarni olish (masalan, kaltsiy karbonatdan ohak olish) usullari termik Dissosiatsiyaga asoslangan. Elektrolitik Dissosiatsiya —elektrolitlar suvda eritilganda ulardagi molekulalarning musbat va manfiy zaryadli ionlarga parchalanishi. Erituvchi, jumladan suvning qutbli molekulalari elektrolit molekulalariga ta’sir etib, ularning parchalanishiga sabab bo’ladi. Elektrolitik Dissosiatsiyada hosil bo’lgan ionlar va erituvchi molekulalari bir-biriga ta’sir etadi; ionlar suv bilan birikib, gidratlar hosil qiladi (masalan, N,0 — gidroksoniy). Dissosiatsialangan molekulalar sonining eritilgan modda molekulalari umumiy soniga nisbati elektrolitik Dissosiatsiya darajasi deb ataladi, bu esa eritilgan modda (elektrolit)ning tabiatiga, shuningdek, eritma kontsentrasiyasiga bog’liq (eritma suyultirilgan sayin elektrolitik Dissosiatsiya darajasi oshadi). Elektrolitik Dissosiatsiya darajasi 1 ga teng bo’lganda kimyoviy muvozanat qaror topali. Elektrolitik Dissosiatsiya darajasiga qarab, elektrolitlar kuchli (batamom dissotsiasiyalanadigan) va kuchsiz (qisman dissotsiasiyalanadigan) elektrolitlarga bo’linadi, ammo bu shartli tushuncha, chunki bir elektrolitning o’zi bir sharoitda kuchli, boshqa sharoitda esa kuchsiz bo’lishi mumkin (masalan, vodorod xlorid suvda kuchli elektrolit, boshqa ba’zi erituvchilarda esa kuchsiz elektrolit xossalarini namoyon qiladi). Yorug’lik nuri ta’sirida fotokimyoviy Dissosiatsiya sodir bo’ladi.