DEHQON VA FERMER XO’JALIKLARI UYUSHMASI

DEHQON VA FERMER XO’JALIKLARI UYUSHMASI, O’zbekiston Respublikasi dehqon va fermer xo’jaliklari uyushmasi — O’zbekiston Respublikasidagi dehqon va fermer xo’jaliklarining ixtiyoriy uyushmasi. O’zbekistan Respublikasi Prezidentining 1998 yil 9 apreldagi «xususiy tadbirkorlikni, kichik va o’rta biznesni rivojlantirishni yanada rag’batlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi farmoni va Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 22 apreldagi qaroriga ko’ra tashkil etilgan. Uyushma boshqaruvi Toshkent shahrida joylashgan. Uyushmaning asosiy vazifalari: dehqon va fermer xo’jaliklarining huquq va manfaatlarini himoya qilish; xo’jaliklarni shartnoma asosida urug’lik, o’g’itlar, ko’chatlar, nasldor mollar va boshqa resurslar bilan ta’minlash; xo’jaliklarga ishlab chiqarish, texnologiya, transport, yuridik, axborot, marketing xizmatlari va boshqa xizmatlar ko’rsatish; yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotishga ko’maklashish; dehqon va fermer xo’jaliklarini mineral o’g’it va yoqilg’i-moylash materiallari bilan ta’minlash, lizing asosida qishloq xo’jalik texnikasi sotib olish, banklar va turli jamg’armalardan imtiyozli asosda kreditlar va mikrokreditlar olishda yordam ko’rsatish va boshqalar. Uyushmaning Qoraqalpog’iston Respublikasi uyushmasi, viloyat (12) hamda tuman (116) vakilliklari mavjud. Uyushma safida respublikada faoliyat ko’rsatayotgan 43,8 ming fermer xo’jaligi, 1,8 million dehqon xo’jaligi (ularning 8266 tasi yuridik shaxs maqomida) bor (2001). Uyushmaning tavsiyasi bilan joylardagi hududiy vakilliklar qoshida 25 ta mukrbil mashina-traktor parklari (MTP) tashkil qilinib, fermer xo’jaliklariga xizmat ko’rsatmoqda. Mahsulot sotish va eksportga chiqarish bo’yicha 98 kooperativ korxona tashkil qilingan. Abdurashid Bobomirzayev.