DEHQONCHUMCHUQLAR

DEHQONCHUMCHUQLAR (Emberizidae) — sayroqi chumchuqlar oilasi. Tanasining uzunligi 12,5—20 santimetr. Tumshug’i konussimon o’tkir, ba’zan yo’g’onlashgan ustki va ostki kesuvchi qirralari ichiga bukilgan. 82 urug’i, 317 turi ma’lum. O’zbekistan faunasida Emberiza urug’ining 10 ta turi tarqalgan. Amerika orollari ayniqsa turlarga boy. Amerika turlaridan ayrimlari shimoli-Sharqiy Sibirga ham o’tadi. Ochiq joylarda (Toshloq tundralar, tog’larning quruq yon bag’irlarida, butalar orasida, ba’zan o’rmonlarda) yashaydi. Juda yoqimli sayraydi. Yerda uya quradi. 2— 6 tadan tuxum bosadi. O’simlik urug’i va boshqa qismlari, shuningdek, hasharotlar bilan oziqlanadi. Emberiza Dehqonchumchuqlar urug’i turlarining nisbatan uzun, dumida oq dog’lari bo’ladi. Ko’pchilik turlari asosan qushlar uchib o’tadigan erta bahor va kuz faslida uchrashi sababli Dehqonchumchuqlar deb ataladi.