DIAGENEZ

DIAGENEZ (dia… — tugallanganni bildiruvchi old qo’shimcha va genesis — hosil bo’lish) — suv havzalari tubida bo’sh cho’kindilarning yer po’stining yuqori qatlamlari muhitida cho’kindi tog’ jinslariga aylanish tabiiy jarayonlari majmui. Diagenez cho’kindilarning qayta kristallanishi, kolloidlarning vaqt o’tishi bilan o’zgarishi, autigen minerallar (glaukonit, rodoxrozit, siderit va boshqalar), g’uddalarning hosil bo’lishi, barqaror mineral turlarining tarkib topishi, degidratatsiya (suvsizlanish) yoki gidratasiya va cho’kindilarning tsementlanishidan iborat. Diagenez tushunchasini fanga nemis geologi V. Gyumbel (1888) kiritgan. Uning fikricha, Diagenez cho’kindilarning dastlabki holatidan metamorfik jinsga aylanishiga qadar bo’ladigan o’zgarishlar tushuniladi. Diagenez okean, dengiz va daryo tubida hosil bo’lgan cho’kindilar tarkibidagi o’zaro va ular atrofidagi muvozanatning buzilishidan yuzaga keladi. Muvozanatning yo’qolishi ichki va tashki o’zgarishlarni keltirib chiqaradi. Bu esa tarqoq holdagi qum va gil zarralarining bir-biriga yopishib, zich, yaxlit va qattiq tog’jinslariga aylanishiga sabab bo’ladi. Masalan, Diagenezda cho’kindi gillardan termal suvlar ta’sirida kristalli slaneilar hosil bo’ladi. Erta Diagenez (cho’kindilar tarkibining fizik-kimyoviy muvozanatlashuvi) va kechki Diagenez (moddalarni qayta taqsimlanib turli mineral to’plamlarini hrsil qilishi) farq qilinadi. Cho’kindilarning dastlabki shakli, tarkibi va xususiyatlarini aniqlashda Diagenezning ahamiyati muhim.