EKSKAVATOR
EKSKAVATOR (lotincha exsauo — o’yaman, qaziyman) — tog’ jinslari va yerni (gruntni) qazish, ularni transport vositalariga yuklash yoki to’plash uchun mo’ljallangan qazish-yuklash mashinasi. Yer qazish mashinalarini yaratish g’oyasini 16-asrda Leonardo da Vinchi Ekskavator draglayn sxemasi tarzida ilgari surdi. Ekskavatorning chizmasini birinchi marta rus muhandisi A.A. Betankur 19-asr 20-yillarida ishlab chiqqan. 1834 yilda AQSh da V. Otisom patent olgan; 1910 yilda birinchi elektr dvigatelli Ekskavator, 1912 yilda dizel yonilg’isida ishlaydigan, 1920-yillarda relsda harakatlanib, to’la buriladigan Ekskavator ishlab chiqarildi. Keyinchalik Ekskavatorning tuzilishi takomillashtirib borildi. Ekskavator bir kovshli (uzluksiz yoki tsiklli ishlaydigan) va ko’p kovshli (uzluksiz ishlaydigan) xillarga bo’linadi. Ekskavatorning asosiy qismlari; kovsh (cho’mich), sharnirli quloch, kuch qurilmasi (dvigatel), buriladigan korpus va yurish qismi (gusenisa, g’ildiraklar). Bir kovshli Ekskavatorning ish tsikli kon jinsi yoki gruntni kesish yoki qazish, to’lgan kovshni bo’shatish va kovshni zaboyga qaytarishdan iborat. Ekskavatorning quvvati, turi va ish sharoitiga qarab, ish tsikli 15-80 sekund davom etadi. Yurish qismlarining turiga ko’ra, gusenisali, g’ildirakli, odimlovchi, relsda yuradigan, suvda suzadigan, g’ildirakligusenisali; kuch qurilmasining turiga ko’ra, bir dvigatelli va ko’p dvigatelli; ichki yonuv dvigatelli, elektr, gidravlik, pnevmatik va aralash dvigatelli; boshqarish turiga qarab, qo’lda, gidravlik, pnevmatik, elektr bilan va aralash boshqariladigan; ish organining turiga ko’ra, to’g’ri va teskari kurakli, draglaynli, greyferli va boshqa Ekskavatorlar bo’ladi. To’g’ri kurakli Ekskavator keng tarqalgan. Bunday Ekskavatorlardan foydali qazilmalarni qazib olishda, qattiq va Toshloq gruntlarda zovurlar qazishda foydalaniladi. Teskari kurakli Ekskavator tor zovurlar qazishda, uncha katta bo’lmagan zovurlarda inshootlar qurishda qo’llaniladi. Draglaynli Ekskavator o’zi turgan sathdan pastdagi gruntlarni qaziydi. Greyferli Ekskavator yuklash ishlarida, zovur qazish va boshqalar maqsadlarda ishlatiladi. Turli almashtiriladigan jihozlar (montaj ishlari, yuk ortish va tushirish, burg’ilash, ustunqoziqlar qoqish va boshqalar uchun) bilan jihozlangan Ekskavatorlar universal Ekskavator deyiladi. Gidroyuritmali, ya’ni gidroekskavatorlar ham keng tarqalgan. Ularda turli ish organlari buriladigan platforma bilan sharnirli birikadi va yuqori (30-100 MPa) bosimli nasoslar bilan harakatlanadi. Vazifasiga qarab, bir kovshli Ekskavator, qurilishda, karerda, tunnelda ishlatiladigan, kon ochadigan, suzib yuruvchi va boshqalar xillarga bo’linadi. Tunnel vashaxta Ekskavatorlari aksari yer osti ishlarida qo’llanadi. Bir kovshli Ekskavatorlar kovshining sig’imi — 160 m3 gacha. Ko’p kovshli Ekskavator ish jihozlarining turiga qarab, zanjirli va rotorli xillarga bo’linadi. Zanjirli Ekskavatorlarda kovshlar (12-40 ta) yo’naltiruvchi rama g’altaklari bo’yicha harakatlanuvchi uzluksiz zanjirga mahkamlanadi. Rotorli Ekskavatorlarda ish organi 6-12 ta (ba’zan 24 gacha) kovsh o’rnatilgan rotordan iborat. Bunda grunt to’kish konveyeriga berilib 150 metrgacha tashiladi. Uning kovlash balandligi 50 metrgacha, chuqurligi esa 25 metrgacha bo’ladi. Rotorli Ekskavatorlar ko’proq konlarda ishlatiladi. Harakat yo’nalishiga qarab, ko’ndalangiga, bo’ylamasiga qaziydigan va buriladigan xillarga bo’linadi. Ko’p kovshli Ekskavatorlarning ish unumdorligi 15000 m3/soat gacha etadi. Ekskavatorlar Rossiya, AQSh, Germaniya, Frantsiya, Yaponiya, Polsha, Chexiya va boshqalar mamlakatlarda ishlab chiqariladi. Toshkent ekskavator zavodida ham Ekskavatorlar ishlab chiqarilgan (1945-90).