ETYUD

ETYUD (Fransuzcha — aynan mashq, o’rganish) — 1) tasviriy san’a tda borliq (natura)dan uni o’rganish maqsadida yaratilgan asar. Ijodkor badiiy asar (rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika) yaratish jarayonida Etyuddan yordamchi manba sifatida foydalanadi. Tugal asar Etyud majmuasi sifatida o’zini namoyon qiladi. Realistik tasviriy san’at asarlarini yaratish Etyuddan kartinaga o’tish jarayonida amalga oshadi. 19-asr o’rtalaridan Etyudga munosabat o’zgardi, Etyudni badiiy qiymatga ega bo’lgan asar darajasiga qo’tarish, ijodkorning g’oyaviy estetik qarashlarini ifodalashga intilish quchaydi. Yirik ijodkorlarning Etyudlari ko’pincha badiiy qiymatga va mustaqil ahamiyatga ega; 2) musiqada — cholg’u ijrochiligining muayyan texnik usulini qo’llashga asoslangan va sozandaning malakasini oshirishga mo’ljallangan pyesa. 19-asrda musiqa cholg’ulari takomillashuvi hamda virtuoz ijrochiligining yuksalishi natijasida rivoj topdi (fortepiano uchun I.Kramer, M.Klementi, K.Cherni, skripka uchun R.Kreytser, P.Rode, violonchel uchun D.Popper Etyudlari va boshqalar). Musiqiy romantizm vakillari (N.Paganini, F.List, F.Shopen, A.Skryabin, S.Raxmaninov va boshqalar) ijodida Etyud yuksak badiiy kontsert asari darajasiga ko’tarildi. O’zbekiston kompozitorlaridan G.Mushel, B.Gienko, Sayfi Jalil (fortepiano uchun), T. Qurbonov (organ uchun) va boshqalar Etyud yaratgan; 3) teatr pedagogikasida aktyorlik mahoratini rivojlantirish va mukammallashtirishga xizmat qiladigan mashq. O’qituvchi oldindan ishlab chiqqan yoki badiha yo’sinida yaratgan turli sahna harakatlaridan tashkil topadi.