AJINAKAMAR G’ORI

AJINAKAMAR G’ORI – Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi g’or. Hisor tizmasining Janubiy-g’arbiy tarmog’i bo’lgan Yetimtog’ning g’arbiy yon bag’rida, 1241 metr balandlikda. G’or yuqori yura davri ohaktoshlarida hosil bo’lgan. Kirish qismi ravoq shaklida, eni 3,5 metr, balandligi 4 metr. G’or og’zida yuqoridan ajralib qulab tushgan balandligi 1,5 metrli xarsang mavjud. Kirish qismidan ichkariga tomon g’or kengayadi, uzunligi 19 metr, balandligi 16 metrgacha bo’lgan bo’shliqdan iborat. Shipi gumbaz shaklida. Sahnida diametri 2-3 metrli tosh bo’laklari bor. Birinchi xonaning oxirida g’or torayib, shu joydan ikkinchi xonaga o’tiladi. Uning uzunligi 20 metr, eni 3-10 metr, balandligi 7 metrgacha. Bu xona atrofi marmar oniksidan tashkil topgan hosilalar (stalaktit va stalagmit)dan iborat. Suv tomchilari kuzatiladi. G’or havosining harorati 16°, kirish qismida 28°. G’orning umumiy uzunligi 48 metr, maydoni 339 metr kvadrat, hajmi 1585 metr kub.