«REDISON SAS XOUTEL TASHKENT»
«REDISON SAS XOUTEL TASHKENT» (inglizcha — «Redison sas Toshkent mehmonxonasi») — 4 yulduzli mehmonxona; Toshkent shahridagi Amir Temur ko’chasi («Bodomzor» metro stantsiyasi yoni)da 2003 yil bunyod etilgan (bosh me’mori A.To’xtayev; «Aysel» firmasi). Mehmonxonada barcha qulayliklarga ega 110 xona mavjud: 85 ta «biznes-klass», 18 ta 2 o’rinli yarim lyuks va 7 ta lyuks. 6 qavatli bino zamonaviy va tabiiy qurilish materiallaridan qurilgan, o’ziga xos badiiy me’moriy echimga ega. Hovlisida favvora va suv havzasi mavjud. Mehmonxonada 50-400 o’rinli 3 xil ko’rinishdagi konferentsiya zali, «Bosfor» restorani va 3 ta («Piano», «Akva» va kokteyl) bar, biznes-markaz, sog’lomlashtirish markazi (sauna va ochiq basseyn bilan). Ko’p funktsiyali Xoll, shuningdek, ofis va xizmat xonalari mavjud.