RESPUBLIKA PERINATAL MARKAZI

RESPUBLIKA PERINATAL MARKAZI (rpm) — ona qornida rivojlanayotgan homila va yangi tug’ilgan chaqaloqlarga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko’rsatadigan ilmiy tadqiqot va davolash muassasasi. 2002 yil 1 iyunda Toshkent shahrida Xalqaro bolalarni himoya qilish quni munosabati bilan o’z faoliyatini boshlagan. Markaz Toshkent tibbiyot pediatriya instituti klinikasi hududida joylashgan, u tunu kun tartibida ishlaydi. Markazda homiladorlarga, tug’ruq va chilla davridagi ayollarga yuqori malakali shoshilinch va rejali tibbiy xizmat ko’rsatiladi; respublikaning barcha viloyatlaridan chaqaloqlar, ayollar va bemorlar qabul qilinadi. Markazda 9 klinik bo’lim: qabul bo’limi, 2 ta akusherlik bo’limi, shuningdek, homilani saqlab qolish, homiladorlarni tug’ruqqa tayyorlash. ginekologiya (artifisial abort; jarrohlik usulida davolash; asoratlangan akusherlik anamnezi bo’lgan ayollar reabilitasiyasi, bepushtlik), kattalar reanimatsiyasi va intensiv davolash (har xil etiologiyali o’tkir gemodinamik o’zgarishlar; hayot uchun muhim a’zo va sistemalar funktsiyasining o’tkir buzilishi; jarrohlikdan keyingi o’tkir metabolik buzilishlar; shok va klinik o’limdan keyin tiklanish davri, og’ir darajali preeklampsiya), chaqaloqlar patologiyasi (immunologik ziddiyat— konflikt; homila ichki gipotrofiyasi; moddalar almashinuvi patologiyasi; og’ir tug’ma jarohat va asfiksiyadan so’ng). neonatal jarrohlik, chaqaloqlar reanimasiyasi va intensiv davolash (yiringli septik kasalliklar rivojlanish nuqsonlarining murakkab shakli) kabi bo’limlar. 125 o’rinli kasalxona ishlab turibdi. Hozirgi markazdagi ilmiy izlanishlar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi ilm-fan va texnologiya markazi tomonidan tasdiqlangan grant mavzusi (yangi tug’ilgan chaqaloqlar rivojlanishining uzoq muddatli prognozi va uning buzilishlarini oldini olish; homiladorlarda gepatoz holatlari; chaqaloqlar miyasining gipoksiya natijasida buzilishlari; siydik pufagining tug’ma anomaliyalari; tuxumdon epitelial kistomasida ayollarning immunologik statusi; homi-ladorlarda fetoplasentar yetishmovchilik) asosida olib boriladi. Rpm da 300 ga yaqin tibbiyot xodimi xizmat qiladi (2005). Markaz Tibbiyot akademiyasi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Toshkent tibbiyot pediatriya instituti studentlari, magistrlari va klinik ordinatorlari uchun tayyorlov hamda respublika neonatolog (yangi tug’ilgan chaqaloq vrachlari)lari uchun asosiy ilmiy o’quv markazi hisoblanadi. Markaz ilmiy to’plam, monografiya va metodik qo’llanmalar nashr etadi.