TALAS

TALAS — Qirg’izistondagi shahar (1944 yildan). Talas viloyati markazi. Talas daryosi vodiysida, daryo bo’yida. Taroz temir yo’l stantsiyasidan 90 kilometr. 1280 metr balandlikda. Taroz temir yo’l stantsiyasi va Bishkek bilan avtomobil yo’li orqali bog’langan. Aholisi 32,6 ming kishi (1999). Yog’-moy zavodi, non kombinati, pivo zavodi, qurilish materiallari korxonalari, tikuvchilik fabrikasi, Bishkek poyabzal ishlab chiqarish. birlashmasi filiali, GES bor.

TALAS — Qirg’iziston Respublikasidagi daryo. Qirg’iziston tizmasining Janub yon bag’rida, Qorako’l nomi bilan boshlanadi, Qorasoy qishlog’i yonida Uchqo’sho’y irmog’i qo’shilgach, Talas nomini oladi. Talas Chu daryosiga yetmasdan ancha uzoqda Mo’yinqum cho’llari orasida kichik-kichik ko’llar hosil qilib tugaydi. Uzunligi 661 kilometr, havzasining maydoni 52700 kilometr kvadrat. Muz, qor suvlaridan to’yinadi. O’rtacha ko’p yillik suv sarfi Qorasoy qishlog’i yonida 32 metr kub/sekund. Tog’li qismida va ayniqsa, tekislik qismida (Taroz shahridan quyida) Talasning suvi ko’plab ariq va kanallar orqali sug’orishga olinadi. Eng yirik irmoqlari: Uchqo’sho’y, Ko’lba, Beshtosh, Urmaral, Kumushtog’, Qorabura, Kengko’l va Nelden. Talas bo’yida Taroz, Talas shaharlari joylashgan. Talasda Kirov suv ombori bor.