ELLIPS

ELLIPS (Yunoncha —tushirib qoldirish, yetishmaslik) — nutq yoki matndagi sintaktik qurilma tarkibidan biror unsurning tushirib qoldirilishi, sintaktik qurilmaning tarkibiy «etishmovchiligi», «noto’liqligi». Ellips iqtisod (tejamlilik) talabi asosida vujudga kelib, tilning asosiy vazifasiga — zaruriy axborotni yetkazishga xalal bermaydi. Bu holat nutqiy vaziyat bilan bog’liq bo’lib, tushirib qoldirilgan til birligi sintaktik qurilmaning qolgan qismidan anglashilib turadi (mas, o’quvchilarni baholashda «Salimga -3, Nodirga — 5» iboralarining qo’llanishi Ellipsdir). Ellipsdan, odatda, uslubiy figura sifatida foydalaniladi. Badiiy adabiyotda Ellips ko’pincha dialogik nutqda uchraydi, shuningdek, xalq maqollari, hikmatli so’zlar va frazeologizmlarda keng qo’llanadi. Masalan, Birniki — mingga, mingniki — tumanga maqolining to’liq matn-mazmunidan («bir kishining kasofati ming kishiga tegar, ming kishining kasofati yuz ming kishiga tegar») qaysi so’zlar tushib qolganligi, ya’ni Ellipsga uchraganligini bilib olish qiyin emas. Yaxshilar ko’paysin, yomon qolmasin. Ko’rganni eshitgan engibdi kabi iboralar ham Ellips natijasi («odam» so’zi tushib qolgan) dir.

ELLIPS — ikkinchi tartibli yassi yopiq egri chiziq. Aylanma konus bilan uning uchidan o’tmaydigan kesuvchi tekislik kesishishidan hosil bo’ladigan yassi figura.