ELEKTROKARDIOGRAMMA
ELEKTROKARDIOGRAMMA (elektro., kardio… va gramma) (EKG) — yurak muskuli ishlayotganda hosil bo’lgan elektr impulslari yozib olingan egri chiziq. Elektrokardiogramma elektrokardiograf yordamida qog’ozga yoki fotoplyonkaga tushiriladi. Butun gavdaga tarqaluvchi yurak toklari (harakat toklari) EKG si gavdaning turli qismlari (ko’krak qafasi, qo’l va oyoqlar)ga o’rnatilgan va elektrokardiografga ulangan elektrodlar bilan yozib olinadi. Hozirgi zamon tibbiy texnika yutuqlari tekshirilayotgan odam ancha uzoq masofada bo’lsa ham tele yoki radiouzatkichlar yordamida EKGni yozib olish imkoniyatiga ega. Bunday usullar og’ir jismoniy sinovlarda, sportchilar, kosmonavtlar va boshqalarning yurak faoliyatini kuzatish imkoniyatini beradi. Sog’lom odamlar EKGsi gavda tuzilishi, yoshi va boshqalarga bog’liq. Ammo normal EKGda har doim yurak muskulining ketmaket qo’zg’alishini aks ettiruvchi tishchalar va intervallar (oraliqlar)ni farq qilish mumkin. Turli kasalliklarda EKG tishchalarining o’lchami, oraliqlari va yo’nalishi, intervallar (segmentlar)ning davom etishi hamda joylashishi anchagina o’zgaradi. EKG yordamida yurak ritmining turli o’zgarishlari, yurakning ishemik kasalligi, miokard infarktining xarakteri va bosqichlari aniqlanadi. EKG yurak kasalliklarini diagnostika qilishda boshqa usullardan samaraliroq hisoblanadi.