ELLIKBOSHI
ELLIKBOSHI — harbiy-ma’muriy unvon. O’rta Osiyo xonliklarida yuzboishdan keyingi mansab; 50 nafar askardan iborat harbiy qism boshlig’i hamda 50 nafar askar ajrata oluvchi mahalla, qishloq yoki ovul rahbari. U mingboshi tomonidan tayinlangan. Bu mansab Qo’qon xonligida keng tarqalgan. Podsho Rossiyasi Turkiston o’lkasini bosib olgach, Ellikboshi unvoni tugatilgan. Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat davrida Shermuhammadbek tomonidan Farg’ona vodiysida Ellikboshi, yuzboshi va mingboshi lavozimlari qayta tiklangan. 20-asrning 1-choragida — sovet hokimiyatining dastlabki yillarida O’zbekiston SSRda shaharda mahalla qo’mitasining raisi, qishloqda esa qishloq oqsoqoli Ellikboshi deb atalgan. Keyinchalik bu so’z iste’moldan chiqib ketgan.