ESTON TILI
ESTON TILI — fin-ugor tillari oilasi tarkibidagi Boltiqbo’yi-fin guruhiga mansub til; asosan, Estoniyada, qisman Rossiya Federatsiyasi, Shvesiya, AQSh, Kanada, Avstraliya va boshqalar mamlakatlarda tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 1,1 million kishidan ortiqroq (jumladan, Estoniyada 970 ming kishidan ortiq, Rossiya Federatsiyasida — 46 ming, Shvetsiya — 25 ming, AQSh — 25 ming, Kanada — 25 ming, Avstraliya — 6 ming). Quyidagi lahja guruhlari bor: shimol eston (Orol lahjasi, g’arbiy, o’rta g’arbiy va Sharqiy shevalar), Janub eston (mulk, Tartu, virus lahjalari) va shimoliy Sharqiy sohilbo’yi lahjasi. Boshqa boltiqbo’yifin tillaridan farqli ravishda Eston tilida barcha cho’ziq unlilar, diftonglar, undoshlar hamda undosh qo’shilmalaridagi cho’ziqlik darajalarining almashinib kelishi kuzatiladi. Birinchi bo’g’indagi urg’u — asosiy, uchinchi bo’g’indagi urg’u esa ikkinchi darajali hisoblanadi. Barcha unlilar va diftonglar so’zning birinchi bo’g’inida bemalol qo’llanadi, boshqa bo’g’inlarda esa ayrim unlilar (diftonglar)gina qo’llana oladi. Eston tilining morfologik qurilishi flektivagglyutinativ xususiyatga ega. Eston tilidagi dastlabki yozma materiallar 13-asrga mansub bo’lsada, nisbatan kattaroq matnlar 16-asr boshlaridan ma’lum. Bosma kitob 1535 yilda paydo bo’lgan. 16-asrda shimol eston va Janub eston lahjalari asosida 2 ta adabiy til, 19-asr dan boshlab barcha hududlarda shimol eston adabiy tili qo’llana boshlagan. 19-asrning 2-yarmidan yagona adabiy til shakllana boshlab, uning me’yorlari 20-asrning 1-yarmidagina barqarorlashdi. Yozuvi lotin grafikasi asosida.